Odamlarning yangiliklar va tahlillarga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmasa, buni boshqa mamlakatlardagi manbalar amalga oshiradi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi, deb xabar beradi “O‘zbekiston 24” telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuvi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtibos: “Agar biz O‘zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni o‘z qo‘limizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib bergan bo‘lamiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy ma’lumotlar, real voqealarga bo‘lgan ehtiyojni biz to‘ldirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”.

Prezident nutqida davom etdi: “Har qanday tanqidga javob berish kerak. Jurnalist haq bo‘lsa, uni tan olishimiz kerak. Nohaq bo‘lsa, unga tushuntirish orqali yolg‘on xabarlarning oldini olishga o‘rganishimiz va butun jamiyatimizga shuni tushuntirishimiz kerak, bu nopok va yolg‘onligini”.

O‘sha yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev “globallashuv, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotganini” hisobga olgan holda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar bergani haqida yozgandik.

Prezident jurnalistlar mehnati muhimligini, ularning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bir necha bor ta’kidlagan.

2023-yil may oyida Shavkat Mirziyoyev ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarni “xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilik va davlat idoralariga yetkazuvchi eng ta’sirchan kuch” deb atagandi. U o‘shanda OAV erkinligi kafolatlarini e’lon qilgan, shu bilan birga, ularning mas’uliyatini ham eslatgan.

O‘tgan yilning mart oyi boshida jurnalistlar va ijtimoiy faollar prezidentga “yashirin, lekin kuchli senzura” bo‘yicha murojaat qilgandi. Jurnalistlar uyushmasi murojaatga munosabat bildirar ekan, “Yaqin vaqt ichida hech bir tahririyat va mustaqil jurnalistlarga, blogerlarga bosim o‘tkazilayotganiga yoki biron-bir axborotning mazmun-mohiyatini o‘zgartirish yoki chiqmasligini talab qilish holatlariga guvoh bo‘lmadik” qayd etgan. Uyushma, aksincha, so‘z erkinligini suiiste’mol qilish holatlari haqida xabar bergan.

Fevral oyida Shavkat Mirziyoyev matbuot erkinligi sharoitida ishlash “qiyinroq” ekanini tan olgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, unga “ommaviy axborot vositalarini yopish” taklif qilingan. “Yo‘q, yopmayman… Gapirsin — adolatni gapirsin. Tanqid qilsin — to‘g‘ri tanqid qilsin”, degandi u.

Prezident iyun oyida OAV xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklar ekan, so‘z erkinligi, axborot olish va tarqatish huquqini ta’minlashni O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ajralmas qismi, deb bilishini ta’kidlagandi. Uning qo‘shimcha qilishicha, korrupsiya va jamiyatning boshqa muammolariga qarshi kurashda davlat jurnalistlarga tayanadi.

2021-yil fevralida esa prezident jurnalistlar bilan suhbatda “adolatni yetkazishdan to‘xtamaslik” lozimligini aytgandi. “Qo‘rqmanglar. Ortingizda prezident turibdi”, — degan edi u.

2022-yil aprel oyida “Gazeta.uz” Komil Jalilovning “Bizning OAVlarimiz jim turgan paytda, xorij OAVlari odamlarimiz ongini egallamoqda” nomli maqolasini e’lon qilgandi. “Qanday qilib o‘zbekistonliklar ongiga o‘nlab kanallari bor va 500 mlrd so‘mdan ko‘proq budjetga ega Milliy teleradiokompaniya emas, xorijiy mamlakat telekanallari ta’sir ko‘rsatadigan bo‘ldi?” — so‘ragan muallif o‘shanda.

O‘sha yilning noyabr oyida, ko‘plab rus kanallaridan tashqari, IP-televideniye operatorlari bir qator xorijiy telekanallarni o‘z paketlariga kiritdi, jumladan, BBC, CNN, Bloomberg, France 24, Xitoyning CGTN, Turkiyaning TRT Avaz, Belarusning “Belarus 24” telekanallari va boshqalar.