Toshkent shahrida yashovchi 20 yoshli qiz uyining vannasida cho‘milish vaqtida issiq suv bo‘lgan isitish bakining yorilishi oqibatida kuyish jarohatini oldi. U shifoxonada vafot etdi, deb xabar berdi “Milliy” telekanalining “Millar” dasturi.

Voqea dekabr oyi oxirida sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchining opasi tez yordam chaqirgan. Qiz o‘ta og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Shifokorlarning urinishlariga qaramay, jabrlanuvchi vafot etgan.

Reanimatolog Bobur Xudoyberdiyev telekanalga bergan intervyusida ko‘plab bemorlar shifoxonaga issiq suvdan, alangadan kuyib va elektr tokidan jarohat olib yotqizilayotganini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, ko‘p foizli kuyish jarohati bilan keltirilgan bemorlarni qutqarish imkoniyati past bo‘ladi.

Shifokor kundalik hayotda ishlatiladigan asboblarning holati va xizmat ko‘rsatish qobiliyatini muntazam ravishda kuzatib borishga chaqirdi.