O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi oy dunyoda eng ko‘p oltin sotgan mamlakat bo‘lib qolmoqda, deya xabar berdi Jahon oltin kengashi (World Gold Council).

Jahon bo‘ylab markaziy banklar noyabr oyida 44 tonna sof hajmda oltin sotib olgan. Xaridlarning umumiy hajmi 60 tonna bo‘lib, oktabr oyiga nisbatan 4 foizga kamaygan. Biroq bu o‘tgan yildagi o‘rtacha oylik ko‘rsatkich — 36 tonnaga nisbatan sezilarli darajada yuqori, deb yozadi Spot.

Noyabr oyida mazkur qimmatbaho metallning asosiy xaridori Turkiya bo‘ldi. Mamlakat 25 tonna xaridni amalga oshirgan. Ikkinchi o‘rinni 19 tonna xarid bilan Polsha egallagan. Beshlikka Xitoy (12 tonna), Chexiya (3 tonna) va Qirg‘iziston (1 tonna) kirgan.

O‘zbekiston noyabr oyida 11 tonna oltin sotgan, bu esa keyingi o‘rinda turgan Qozog‘istondan (3 tonna) deyarli to‘rt barobar ko‘p.

2023-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston qimmatbaho metallarni sotish bo‘yicha Qozog‘istondan biroz ortda qolib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Xitoy sof xaridlar bo‘yicha yetakchi bo‘ldi, undan keyingi o‘rinlarni Polsha va Singapur egalladi.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida ham O‘zbekiston 11 tonna oltinni xorijga sotgan holda dunyodagi eng ko‘p oltin sotgan mamlakatga aylangandi. Shuningdek, 2023-yilning 11 oyidagi tashqi savdo aylanmasiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin eksporti 2,3 baravar ko‘payib, rekord daraja — 8,1 mlrd dollarni tashkil etgan.

Noyabr oyi oxirida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari oltin narxi keskin oshganiga qaramay, biroz qisqarib, 32,89 milliard dollarni tashkil qilgan. Mazkur oyda zaxiradagi ushbu qimmatbaho metallning jismoniy hajmi 12,4 tonnaga kamaygan.