O‘zbekistonda barcha yonilg‘i quyish shoxobchalarida Ai-80 benzini narxini cheklash rejalashtirilmoqda. Bu hukumat qarori loyihasida ko‘zda tutilgan, deya xabar berdi Energetika vazirligi “Gazeta.uz”ga.

Ushbu markadagi yonilg‘ining maksimal narxi 8000 so‘m etib belgilanishi mumkin. Hozirda “UNG Petro”da (“O‘zbekneftgaz” tarkibida) aksiz solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilingandan so‘ng Ai-80 6800 so‘mdan (ilgari 6050 so‘m edi), xususiy yonilg‘i quyish shoxobchalarida esa 8800 so‘mgacha sotilmoqda.

Energetika vazirligi narxlarni cheklash bo‘yicha hujjat loyihasi hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlangani va yaqin kunlarda qabul qilinishi kerakligini ta’kidladi.

Ai-92 benzini narxi 9500 so‘m bo‘lishi bilan iste’molchilar bosqichma-bosqich sifatli benzinga o‘tishi kutilmoqda. Yuqori oktanli benzin tannarxini pasaytirish uchun uni ishlab chiqarish va import qilishni ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, raqobatni rivojlantirish hamda xomashyo va qayta ishlash quvvatiga ega “Tatneft”, “Lukoyl”, “Gazpromneft”, Saneg kabi yirik kompaniyalarni mamlakatdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylab 80 dan ortiq yangi AYOQSH majmualarini qurishga jalb etish rejalashtirilgan. Ulardan 59 ta yonilg‘i quyish shoxobchasini Saneg, qolgan 27 tasini esa boshqa kompaniyalar qurishi kutilmoqda. Bu borada hukumatning alohida qarori qabul qilingan.

Yirik kompaniyalarning paydo bo‘lishi mahsulot sifatini oshirishi va bozordan turli markadagi benzinni aralashtiradigan yonilg‘i quyish shoxobchalarini siqib chiqarishi rejalashtirilmoqda.

Avvalroq “gaz zapravka”lari uchun yuqori narx chegarasi belgilangan va gazni 3250 so‘mdan yuqori narxda sotish taqiqlangandi.

Xabar berganimizdek, o‘tgan yili Ai-80 benziniga aksiz solig‘i vaqtincha bekor qilinishi tufayli davlat budjeti 100 mln dollar daromadini yo‘qotgan, biroq O‘zbekiston aholisi bu imtiyozdan deyarli naf ko‘rmagan. Energetika vazirligi bundan asosan tadbirkorlar foyda ko‘rganini tasdiqlagandi.