29-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining qarori bilan dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari Texnologik parki rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat berilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb xabar qildi IT-Park matbuot xizmati.

Endilikda IT-Park rezidentlari multimedia va dizayn xizmatlarini (veb-dizayn, grafik dizayn, kompyuter o‘yinlari dizayni, vektor grafikasi, 3D grafika, vizualizatsiya, moushen-dizayn) ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlardan foydalangan holda multiplikatsiya mahsulotlarini ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari sohasida venchur moliyalashtirish va akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish faoliyatini, shuningdek, kibersport sohasida xizmatlar ko‘rsatish huquqiga ega.

Shu bilan birga, yangi faoliyat turlariga muvofiq IT-Park rezidenti maqomini olish uchun yuridik shaxslar quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:

  • venchur moliyalashtirish uchun — yuridik shaxslar IT-Park yoki uning filiallari hududidagi yuridik manzilda joylashgan bo‘lishi kerak;
  • kibersport sohasida xizmatlar ko‘rsatish uchun — yuridik shaxslar IT-Park tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi kerak.

Yangi faoliyat turlari axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarni kengaytiradi, yoshlarning multimedia, dizayn, animatsiya, kibersport bo‘yicha bilimlarini rivojlantirishga xizmat qiladi, shuningdek, startaplarni moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida IT-xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.