“Yuksalish” umummilliy harakati fuqarolik jamiyati, biznes, ommaviy axborot vositalari vakillari va ekspertlar o‘rtasida 2023-yilda O‘zbekistonda qanday o‘zgarishlar yuz bergani hamda ularning 2024-yildan kutilmalarini bilish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazdi.

So‘rovda jamoat arboblari, siyosatchilar, jurnalistlar, blogerlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, biznes va akademik hamjamiyatning 260 nafar vakillari ishtirok etdi, deb yozdi harakat.

Jumladan, Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova, O‘zA bosh direktori birinchi o‘rinbosari Xushnud Xudoyberdiyev, siyosatshunos-ekspertlar Kamoliddin Robbimov, Farhod Tolipov, Yuriy Saruxanyan, deputat Doniyor G‘aniyev, huquqshunos Dilfuza Qurolova, gender masalalari bo‘yicha ekspert Kamola Aliyeva, jurnalist va blogerlar Muhrim A’zamxo‘jayev, Qobil Hidirov, Yorqin Sodiqov, Aziz Qarshiyev, NNT rahbarlari Oybek Isoqov, Natalya Sviridova va boshqalar bor.

аёллар va болалар himoyaси, korrupsiyaga qarshi kurashish, ta’lim, юксалиш, yangi конституция

Respondentlarga har bir taqdim etilgan savollar javoblarini 3 tagacha tanlash, shuningdek, boshqa, ya’ni o‘z taklifini kiritish imkoni berildi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda yakunlanayotgan yilning asosiy o‘zgarishlari quyidagilar:

  1. Referendum o‘tkazilib, Konstitutsiya yangi tahrirda qabul qilingani — 70,3 foiz;
  2. Ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi qonun kuchga kirgani — 59,7 foiz;
  3. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgani — 45,9 foiz.

Shuningdek, ekspertlar joriy yilda O‘zbekistonda energetika tizimi yaxshilangani, xususan, yirik quvvatdagi quyosh va shamol elektr stansiyalarining foydalanishga topshirilgani (36,2 foiz), uyushgan jinoyatchilikka qarshi qat’iy kurash olib borilgani, “ko‘cha” jinoiy guruhlaridan tozalangani (33,2 foiz), davlat bayrog‘i maqomining oshirilishi, undan keng foydalanish imkoniyatining yaratilgani (32,1 foiz)ni qayd etgan.

Ayrim respondentlar qo‘shni davlatlar bilan aloqalarning mustahkamlanishi, O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining delimitatsiyasi va ikki davlat fuqarolarining chegaradan ID karta orqali o‘tish imkoniyati yaratilgani hamda ma’muriy islohotlar — hukumatga bo‘ysunuvchi davlat boshqaruv organlari sonining 61 tadan 28 taga kamaytirilishi avvalgi yillardagi takliflarning ijobiy natijasi deb hisoblagan.

2024-yilda qanday islohotlarni kutyapsiz?

Bu savolga respondentlarning 63,3 foizi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, barcha bo‘g‘inlarda „tozalovlar“ o‘tkazish” degan javobni tanlagan.

Bundan tashqari, so‘rov ishtirokchilarining 61 foizi elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga batamom barham berish, 47,2 foizi ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish va zamonaviylashtirish kerak, degan fikrda.

Eng ko‘p tanlangan javoblar orasida oziq-ovqat narxlarini barqarorlashtirish, inflyatsiyaning oldini olish ham bor (45,3 foiz).

So‘rov ishtirokchilari, shuningdek, bo‘lajak islohotlar uchun strategik rejalashtirishni yo‘lga qo‘yish, siyosiy partiyalar faoliyati uchun raqobatbardosh siyosiy muhit shakllantirish, korrupsiyaga barham berish uchun hokimlar, tibbiyot muassasalarining bosh shifokorlari, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlarini har ikki yilda bir rotatsiya qilish zarur, degan fikrlarni qoldirishgan.

аёллар va болалар himoyaси, korrupsiyaga qarshi kurashish, ta’lim, юксалиш, yangi конституция

Eslatib o‘tamiz, avvalgi so‘rovda ham ekspertlar 2023-yilda eng avval korrupsiyaga qarshi aniq va amaliy choralar bilan kurashish kerak, deb hisoblagandi (respondentlarning 49,7 foizi shu javobni tanlagan).

“Yil davomida bu borada salmoqli ishlar amalga oshirildi”, — deb ta’qidladi “Yuksalish” hamda barcha davlat organlarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yo‘lga qo‘yilgani, davlat xaridlari to‘liq raqamlashtirilgani, korrupsiyaviy ayblovlar bilan bir nechta jinoiy guruhlar, mansabdorlar jazoga tortilganini eslatib o‘tdi.

Joriy yilda mamlakat Open Data Inventory reytingida 30-o‘ringa ko‘tarildi. Bundan tashqari, 2030-yilga qadar korrupsiya darajasini ko‘rsatuvchi Transparency International indeksidagi o‘rinni yana 50 pog‘onaga yaxshilash maqsad qilingan.

Aksariyat respondentlar 2024-yilda ekologik muammolarni bartaraf etish, oshkora va adolatli parlament saylovlarini o‘tkazish masalalariga e’tibor qaratilishi zarurligini ta’kidlagan.

“Yuksalish”, shuningdek, ekspertlar “so‘nggi paytlardagi rus siyosatchilarining agressiv chiqishlari fonida” “armiya qudratini oshirish”ni ham 2024-yil uchun ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilaganini ta’kidladi.