Toshkentda O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov va Afg‘oniston transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri vazifasini bajaruvchi Hamidulla Oxunzoda ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi, deb xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temiryo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

Tomonlar, shuningdek, avtomobil tashuvlarida undiriladigan yig‘im va to‘lovlarni paritet asosida undirilishini ta’minlash, Afg‘oniston hududi orqali tranzit hamda ikki tomonlama tashuvlarni rivojlantirish va temiryo‘l tashuvlaridagi tarif stavkalariga imtiyozlar taqdim etish bo‘yicha kelishib oldi.

2021-yil fevral oyida Toshkentda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida “Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” temiryo‘li qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolangandi. Loyihani may oyida tayyorlash, yo‘l qurilishi esa 2021-yil sentabrida boshlanishi rejalashtirilgandi. Ammo Afg‘onistonda hokimiyat almashishi loyihani sekinlashtirdi. Biroq dekabr oyida Afg‘oniston muvaqqat hukumati loyihaga qo‘shildi. 2022-yil 18-iyulda ushbu mamlakat hududida Transafg‘on temiryo‘lining yo‘nalishini va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini aniqlash bo‘yicha ekspeditsiya ishlari boshlangan.

2023-yil may oyida Toshkentda Transafg‘on temiryo‘li loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochilgan. Iyulda esa Transafg‘on temiryo‘li bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichi boshlangani haqida xabar berilgan.

O‘zbekiston “Boshtransloyiha” instituti yo‘l qurilishi qiymatini 4,6 milliard dollarga, Pokiston 8,2 milliard dollarga baholagan. OAV xabarlariga ko‘ra, loyiha 4,8 milliard dollardan 6 milliard dollargacha baholangan. U 573 km uzunlikdagi va yiliga 20 million tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega bo‘lgan avtomobil yo‘lini qurishni nazarda tutadi. Yangi transport yo‘lagi Yevropa Ittifoqi, Rossiya, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va undan keyingi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini bog‘lashi kerak.

Avgust oyida Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqotda Afg‘oniston orqali o‘tadigan temiryo‘lning ahamiyati haqida gapirgandi. “Mana shu ikkita katta temiryo‘l bo‘lsa, biz ham tarif orqali manfaat ko‘radigan davlatga aylanamiz, birovga qaram bo‘lmaymiz”, — degandi prezident.