2022−2023-yillarda jahon bozoridagi neft narxi O‘zbekistondagi benzin narxlariga 1 oylik kechikish (lag) bilan ta’sir qilmoqda. Bu bo‘yicha Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlilida so‘z boradi.

Tahlilda 2022-yil yanvar oyidan 2023-yil noyabr oyigacha bo‘lgan davrda Respublika tovar-xomashyo birjasida sotilgan benzinning ulgurji narxlari, Toshkent shahri AYOQSHlaridagi chakana benzin narxlari hamda Jahon bankining neft narxlari bo‘yicha ma’lumotlaridan foydalanilgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, jahon bozorida neft narxining o‘zgarishi 1 oy o‘tgandan so‘ng Respublika tovar-xomashyo birjasida avtobenzin narxlarida o‘z aksini topmoqda.

Masalan, 2022-yil yanvar-iyun oylarida neft narxining 39,2 foizga oshishi birjada avtobenzin o‘rtacha ulgurji narxining 22,4 foizga ko‘tarilishiga olib kelgan. 2022-yil iyul-dekabr oylarida jahon bozorida neft narxining 33,2 foizga tushishi ulgurji narxlarning o‘rtacha 21,3 foizga arzonlashishiga sabab bo‘lgan.

2023-yilning yanvar-may oylarida jahon bozorida neft narxining barqarorlashishi hamda 2022-yilning 10-dekabridan Ai-80 markali avtobenzin uchun aksiz solig‘i nol stavkaga tushirilishi natijasida avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxlari 4848−5060 so‘m oralig‘ida shakllangan.

Lekin 2023-yilning iyun-noyabr oylarida avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxi 5315 so‘mdan 5860 so‘mgacha (10,2 foiz) oshdi. Bu davrda jahon bozoridagi o‘rtacha neft narxi 11 foizga (73 dollardan 81 dollargacha) qimmatlagan.

Ekonometrik tahlil natijalariga ko‘ra, avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxi, shu jumladan, talab yuqori bo‘lgan Ai-80 va Ai-92 markali benzinlarning ulgurji narxlari jahon bozoridagi neft narxiga sezuvchan ekani aniqlandi. Xususan, jahon bozorida neft narxining 1 foizga ko‘tarilishi avtobenzin o‘rtacha ulgurji narxlarining bir oy kechikish bilan 0,30 foizga oshishiga, shu jumladan, Ai-80 benzinning 0,32 foizga, Ai-92 benzinning 0,54 foizga qimmatlashishiga olib keldi.

“Toshkentda benzinlarning o‘rtacha chakana narxlari esa o‘rtacha ulgurji narxlarga sezuvchan bo‘lib, ular bir xil o‘zgarish dinamikasiga ega. Xususan, Respublika tovar-xomashyo birjasida benzin ulgurji narxlarining 1 foizga o‘sishi Toshkent shahrida chakana narxlarning 0,29 foizga oshishiga olib kelmoqda”, — deyiladi xabarda.

Lekin 2023-yil noyabr oyida jahon bozorida 1 barrel neft narxining o‘rtacha hisobda 81,35 dollargacha (oktabr oyiga nisbatan 8,7 foizga) pasayganiga qaramasdan, dekabr oyida Toshkent shahrida Ai-80 avtobenzin o‘rtacha chakana narxi (7611 so‘m) noyabr oyiga (7440 so‘m) nisbatan 2,3 foizga ko‘tarildi.

Bu esa dekabr oyining o‘rtalarida sovuq havo iqlimining kirib kelishi bilan metan gaz ta’minotidagi cheklanishlar natijasida Ai-80 benzinga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishi bilan izohlanishi mumkin.

“Mamlakatimizda neft va avtobenzin mahsulotlariga bo‘lgan talabning bir qismi import hisobiga qoplanishi sababli jahon bozorida neft narxlarining o‘zgarishi ichki bozorda avtobenzin narxlariga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. Demak, O‘zbekistonda avtobenzin narxlari 1 oylik kechikish (lag) bilan jahon bozorida neft narxi bilan uyg‘unlikda harakat qilmoqda”, — deya ta’kidlaydi ekspertlar.