25-dekabr kuni Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tumani sudida sobiq IIB xodimi nomusga tegish jinoyati bo‘yicha aybdor deb topilib, 15 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.

31 yoshli sudlanuvchi M.J. (Toshkent shahrida tug‘ilgan) Mirobod tumani IIO FMB 3-sonli ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan. Mazkur ish Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasiga muvofiq yopiq tarzda ko‘rib chiqildi.

Sud hukmiga ko‘ra, M.J. voyaga yetmagan Z.D.ga (2010-yilda tug‘ilgan) nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar Toshkent viloyati sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, sud tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksining 417-moddasi (Jinoiy javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanganda sudning harakatlari) tartibida M.J.ga 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish uchun shart-sharoit yaratib bergan 3 kishi — Sh. A., M.Z. va F.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi (Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini hal qilish uchun Bo‘stonliq tumani prokuroriga xabar yuborildi.