Shavkat Mirziyoyev Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining juma kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida so‘nggi bir oy ichida korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etgan mansabdor shaxslar va “ko‘cha jinoiy guruhlari” vakillarining hibsga olinayotganiga izoh berdi. Uning nutqidan iqtiboslarni davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov keltirdi.

“O‘zini „ko‘cha“ deb ataydigan jinoiy guruhlar bo‘ladimi, korrupsiyaga berilgan mansabdor shaxslar bo‘ladimi, kim qonunga bepisand qarab, davlat va jamiyatga zarar yetkazadigan bo‘lsa, biz bunga hech qachon jim qarab turolmaymiz”, — dedi prezident.

“Ko‘chalarimiz, mahallalarimiz, hayotimiz tom ma’noda tinch va toza, jinoyatdan xoli bo‘lishi kerak. Yangi O‘zbekistonda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar bo‘lishi shart. Va, albatta, shunday bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Jinoiy guruhlar va korrupsiyaga qarshi reydlar

2-dekabr kuni Toshkent shahri ichki ishlar boshqarmasi poytaxtda jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tayotganini ma’lum qildi. O‘zbekiston bo‘ylab “jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash” bo‘yicha tezkor ishlar olib borilmoqda.

Hibsga olinganlar orasida “Saidaziz medgorodok” nomi bilan mashhur Saidaziz Saidaliyev ham bor. U va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular pul evaziga odamlarni qarzini undirib bergan.

“Baxti Tashkentskiy” — Baxtiyor Qudratullayev esa juda ko‘p miqdorda tovlamachilikda gumonlanib, poytaxtda qo‘lga olingan. Unga 15 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Bundan tashqari, “Salimboy” nomi tadbirkor Salim Abduvaliyev ham qamoqqa olingan.

Hammasi bo‘lib 100 dan ortiq kishi protsessual tartibda ushlangan, ulardan 52 nafari hibsga olingan. IIBB ularni jinoiy javobgarlikka tortish uchun yetarli dalillarga ega ekanini xabar qilmoqda.

Bundan tashqari, so‘nggi haftalarda Izboskan tumani sobiq hokimi Serobiddin Ismoilov, Buxoro tumani sobiq hokimi Xayrullo Jo‘rayev va Bekobod tumani hokimi Shuhrat Mirzayev qo‘lga olingan. Bundan tashqari, Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Saidahmad Sultonov, sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va boshqalar hibsga olingani xabar qilingan.