O‘zbekistonda eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirishning so‘nggi bosqichi 2023-yilning 31-dekabr kuni yakunlanadi. Bu haqda YHXX eslatib o‘tdi.

2024-yilning 1-yanvaridan boshlab eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Guvohnomani yangilashga ulgurmagan haydovchilar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi (yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) bilan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, ya’ni, 340 ming so‘m jarimaga tortiladi.

Guvohnomani almashtirish uchun butun mamlakat bo‘ylab yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlariga (manzil va telefon raqamlari) va Adliya vazirligining davlat xizmatlari markazlariga (faqat haydovchilik guvohnomalari) murojaat qilish mumkin. Fuqarolar u yerga eski haydovchilik guvohnomasi, avtomobil “texpasporti” va pasport bilan borishi kerak.

Haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun arizani onlayn tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) topshirilishi mumkin. Jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan — tayyor litsenziyalarni tanlangan davlat xizmatlari markazidan yoki pochta orqali ikki ish kuni ichida (qo‘shimcha 25 ming so‘m to‘lov evaziga) olish mumkin.

O‘zbekistonda 2017-yil oktabr oyida yangi haydovchilik guvohnomalari va “texpasport” joriy qilingan edi. Dastlab, 2020-yilning 31-dekabriga qadar guvohnoma va “texpasport” almashishni yakunlash rejalashtirilgan edi. 2020-yil bahorida muddat bir yilga, keyin 2021-yil noyabr oyida — 2022-yil oxirigacha, 2022-yil aprelda yana — 2023-yil oxirigacha uzaytirildi.

2023-yil boshida 2 mlndan ortiq “prava”, 557 mingdan ortiq “texpasport”lar yangisiga almashtirilmaganini qayd etilgandi.

YHXX ma’lum qilishicha, 16-dekabr holatiga ko‘ra, 13 631 nafar haydovchilik guvohnomasi yangisiga almashtirilmagan.