Toshkent shahrida o‘tgan 11 oy davomida avtobuslar ishtiroki bilan bog‘liq 94 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Anvar Jo‘rayev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarma boshlig‘i Rafiqjon Jaliliov, avtobus saroyi filiallari rahbarlari va haydovchilar ishtirok etgan.

Unda avtobuslar bilan sodir bo‘lgan YTHlarning kelib chiqish sabablari, xususan, avtobus haydovchilarining aybi bilan sodir etilgan 34 ta yo‘l-transport hodisalarining tahlili ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, yo‘l harakati qoidalari buzilishi oqibatida haydovchilarga kelgan jarima qarorlari (videolari) aks etgan lavhalar namoyish etilgan. Fuqarolar va yo‘lovchilardan kelib tushayotgan tanqidiy murojaatlar (ijtimoiy tarmoqlar va ishonch raqami orqali) ham o‘rganilgan.

“Haydovchi va chiptachilarning yo‘nalishda yo‘lovchilar bilan xushmuomalada bo‘lishlari, yo‘lovchi tashish qoidalariga qat’iy amal qilishlari, harakat davomida uyali aloqa telefonidan foydalanmasliklari yuzasidan alohida ko‘rsatmalar berib o‘tildi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, birgina noyabr oyida avtobuslar ishtirokida 5 ta bahtsiz hodisa yuz bergan. Xususan, 10-noyabr kunida yo‘lovchi avtobuslari ishtirokida ikkita YTH sodir bo‘lgan. Yashnobod tumanida 21-sonli avtobus yo‘l o‘rtasida turgan yengil avtomobil bilan to‘qnashgan, Mirzo Ulug‘bek tumanida esa qayrilib olmoqchi bo‘lgan 151-sonli avtobusning old qismiga avtomobil urilgan.

21-noyabr kuni Toshkent shahrida 82-sonli avtobus yo‘lning belgilanmagan qismidan yugurib kelgan mast fuqaroni urib yuborgan. 47 yoshli yo‘lovchiga tan jarohati olgani sababli voqea joyida tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

26 noyab kuni Yunusobod tumanidagi bekatlarning birida 51-sonli elektrobus va 2M-sonli King Long avtobusi to‘qnashgan. Yo‘lovchilar orasida jarohat olganlar yo‘qligi va hodisa yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangani xabar qilingan.

29-noyabr tongida Yangihayot tumanida 132-sonli avtobus yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Dastabki ma’lumotga ko‘ra, YTH oqibatida 3 nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati olgan. Avtobus va yuk avtomobili texnik shikastlangan.

Eslatib o‘tamiz, “Toshshahartransxizmat” rahbari ishtirokidagi avtobus haydovchilarining boshqaruv vaqtida mobil telefondan foydalanish holatlarini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan reydda yetti nafar haydovchi ishdan bo‘shatilgandi.