14-dekabr kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda kichik yoshdagi bolaning bog‘chaga yuzi va ko‘zlari jarohatlangan holda kelgani va uni otasi kaltaklaganini aytib bergani tasvirlangan video tarqaldi.

Bolalar ombudsmani o‘sha kuni holat nazoratga olinganini bildirdi. Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, mazkur zo‘ravonlik fakti Samarqand viloyati Urgut tumanida yuz berganini ma’lum qildi.

Oradan ikki kun o‘tib aniqlanishicha, tumanning “Yuqori qalangar” mahallasidagi 2017-yilda tug‘ilgan A.A. yuz-ko‘zidagi jarohati tufayli 30-oktabr kuni tuman markaziy shifoxonasiga otasi A.X. tomonidan olib kelingan.

Urgut tuman IIB olib borgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida bolaning olgan jarohati yuzasidan 3-noyabr kuni sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Unga ko‘ra, bolaga jarohat o‘tmas qattiq jismlar ta’sirida yetkazilgani xulosa qilingan.

Tergovga qadar tekshiruv natijasida jinoyat alomatlari aniqlanmagani sababli 25-noyabr kuni Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Holat Bolalar ombudsmani va Bosh prokuratura nazoratiga olinganidan so‘ng jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan rad etish to‘g‘risida qaror tuman prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganilib, 12-dekabr kuni bekor qilingan va qo‘shimcha tekshiruv harakatlari olib borish uchun tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limiga yuborilgan.

Qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv davomida bola psixolog tomonidan pedagog ishtirokida (videoyozuvda qayd qilingan holda) suhbat qilinganda u 29-oktabr kuni otasining uyi yaqinidagi savdo do‘koni oldida amakisiga tegishli bo‘lgan qora mollarning orqasidan yugurib, asfalt qoplamasiga yiqilgani, burni qonab, yuzi shilinganini bayon qilgan.

Shuningdek, uni yiqilganini guvohi bo‘lgan do‘kon sotuvchisi L.S. o‘z tushuntirishida bolaning haqiqatdan ham chorva mollarni orqasidan yugurishi oqibatida yuzi bilan yerga yiqilib tushganini ko‘rgani va jarohat yiqilish sababli bo‘lganini tasdiqlagan.

Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan mazkur holat yuzasidan nazoratni davom ettirishini qayd etdi. Videoyozuv bilan ombudsman tanishgan, lekin bola manfaati yuzasidan u ommaviy e’lon qilinmagan.

“Shu bilan birga, Bolalar ombudsmani nizo jarayonidagi ayrim ota-onalar ularning o‘zaro ziddiyatli munosabatlaridan birinchi navbatda o‘z farzandlari jabr ko‘rayotganiga e’tibor qaratishlari va bunga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘raydi”, — deyiladi xabarda.