Rossiya O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari eksportini ko‘paytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deya ma’lum qildi Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Denis Manturov. U bu haqda 15-dekabr kuni Moskvada o‘tkazilgan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar standartlashtirish va metrologiya sohasida samarali hamkorlik qilmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston tomonidan sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish va qayta jihozlash uchun sinov uskunalarining tavsiya etilgan ro‘yxatlari shakllantirilgan.

“Buning natijasida YeOII (Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi)ning 15 ta texnik reglamenti talablariga muvofiqligini baholash mumkin bo‘ladi. Biz energetika sohasidagi hamkorlikka katta ahamiyat beramiz va O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirish imkoniyatlarini o‘rganmoqdamiz”, — deya Manturovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi TASS.

Foto: Rossiya sanoat va savdo vazirligi.Foto: Rossiya sanoat va savdo vazirligi.

Sanoat va savdo vazirligi rahbarining ta’kidlashicha, Rossiya O‘zbekistonning o‘z mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish istagini qo‘llab-quvvatlaydi va geologiya hamda yer qa’ridan foydalanish sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishni davom ettirishga tayyor.

“Bizda Orol dengizi va unga tutash hududlarda neft va gazni qidirish bo‘yicha muvaffaqiyatli loyihalar mavjud. Sobiq sovet tarixida birinchi marta O‘zbekiston hududida uglevodorod xomashyosi uchun seysmik qidiruv ishlari olib borildi. Ularning natijalari mintaqada yirik, asosan gaz konlari topilishini imkonini beradi”, — dedi u.

Hukumatlararo komissiyaning 24-majlisida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev ham ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda Qozog‘iston hududi orqali Rossiyadan O‘zbekistonga neft yetkazib berish hajmini 1 million tonnagacha oshirish rejalashtirilgan. Bu 2023-yilda import qilinishi rejalashtirilgan neft hajmidan (300 ming tonna) uch baravar ko‘pdir.

2023-yil boshida O‘zbekistonga benzin importi bir necha barobar oshdi. Birinchi to‘rt oyda 335,2 mln litr keltirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p. Importning umumiy qiymati 136,67 mln dollarni yoki litri uchun 0,4 sentni tashkil etgan. Importning aksar qismi Rossiya hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev noyabr oyi o‘rtalarida Termiz shahrida o‘tgan yig‘ilishda Surxondaryoda amalga oshirilayotgan yirik sanoat loyihalari haqida gapirgandi. Boysundagi gaz-kimyo majmuasining ishga tushirilishi va geologiya-qidiruv ishlarining kengayishi O‘zbekistonning 2−3 yil ichida neft mustaqilligiga erishishiga olib kelishi kutilmoqda.