2021-yil may oyida 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan bloger Otabek Sattoriy umumiy tartibdagi koloniyadan manzil koloniyaga o‘tkazildi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

Qonunga ko‘ra, tuzalish yo‘liga o‘tgan va jazo muddatining kamida uchdan bir qismini o‘tagan mahkumlar manzil koloniyalarga o‘tkaziladi.

Sattoriy ishi

2021-yil 29-yanvar kuni Termiz shahri IIB xodimlari Otabek Sattoriyni qo‘lga olgan. Ijtimoiy tarmoqlarda huquq-tartibot idoralari xodimlari uni majburan mashinaga o‘tqazib, olib ketayotgani aks etgan video tarqalgan. Dastlab unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddaning 1-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, keyinchalik ushbu moddaning 2-qismi sifatida qayta tasniflangan, keyinroq yangi ayblovlar qo‘yilgan.

Advokat bu ish uydirma ekanini ta’kidlagan. Vaziyatga deputat Rasul Kusherbayev, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi, Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi rahbari Komil Allamjonov, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (AQSh) va boshqalar munosabat bildirgan. Bunga javoban Ichki ishlar vazirligi jinoyat ishi tergoviga aralashganlik uchun javobgarlik borligi haqida ogohlantirgan.

Sud 2021-yil 10-mayda Sattoriyani 6 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy tartibli koloniyada o‘tashga hukm qilgan. Prokuror unga 11 yil qamoq jazosini so‘ragan. “Gazeta.uz” davlat ayblovchisi va advokatning Otabek Sattoriyga nisbatan ishda bildirgan pozitsiyalari haqida hikoya qilgan.

Apellyatsiya instansiyasi va Oliy sud hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi sobiq rahbari Komil Allamjonov (hozirda Prezident administratsiyasi axborot siyosati bo‘limi mudiri) ushbu ish fonida “cho‘chib qolgan bloger yoki jurnalist anonimga aylanib ketishi mumkin”, — deb post qoldirgan.

“O‘zimizning jurnalistlarni qo‘llash, himoya qilish o‘rniga og‘zini ocholmaydigan darajada qo‘rqitib qo‘ysak, ularning o‘rnini boshqalar — tashqaridan turib fitna chiqaradiganlar egallashi aniq!” — degan u.

Umumiy tartibli koloniya va manzil koloniya o‘rtasidagi farqlar

Jazoni ijro etish koloniyalari manzil koloniyalar, umumiy, qattiq va maxsus tartibli koloniyalarga bo‘linadi va ularga voyaga yetgan mahkumlar joylashtiriladi.

Umumiy tartibli koloniyalarda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etilgan erkaklar saqlanadi. Manzil koloniyalarda esa ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun, shuningdek, qasddan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar saqlanadi.

Manzil koloniyalarda mahkumlar:

  • soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadi;
  • ertalab o‘rindan turishdan kechki yotishgacha bo‘lgan vaqt mobaynida koloniya hududi doirasida erkin yurish huquqidan foydalanadi;
  • agar ular bajarayotgan ish yoki olayotgan ta’lim taqozo etsa, ma’muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishlari mumkin;
  • fuqarolar kiyadigan kiyimda yuradi;
  • pul va qimmatli buyumlarni saqlashi, ulardan cheklanmagan miqdorda foydalanishi mumkin;
  • ishdan bo‘sh vaqtda cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashishlari, posilka, yo‘qlov va banderollar olishlari hamda jo‘natishlari mumkin;
  • o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobiga xarid qilingan oziq-ovqat mahsulotlaridan va yo‘qlovlardagi mahsulotlardan mustaqil ravishda ovqat tayyorlashni amalga oshiradi.

Bundan tashqari, mahkumlar cheklanmagan miqdorda qisqa muddatli uchrashuvlar, yil mobaynida 24 marta uzoq muddatli uchrashuvlar olish huquqiga ega. Uchrashuvlar, qoida tariqasida, ishdan bo‘sh vaqtda beriladi. Manzil-koloniya hududida uzoq muddatli uchrashuv o‘tkazish imkoniyati bo‘lmasa, uchrashuv mahkumning arizasiga binoan manzil-koloniya hududidan tashqarida, ushbu koloniya joylashgan tuman (shahar) hududida o‘tkazilishi mumkin.

Mahkumlar xonalarga bo‘lingan yotoqxonalarda yashaydi. Saqlash rejimini buzmagan, oilasi bor mahkumlarga muassasa boshlig‘i qaroriga binoan manzil-koloniya hududida yoki manzil-koloniya joylashgan tuman (shahar) hududida oilasi bilan alohida yashashga ruxsat berilishi mumkin. Bunday shaxslar ichki tartib qoidalarida belgilab qo‘yilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tish uchun hozir bo‘lishlari shart. Manzil-koloniya ma’muriyatining vakili mahkumlar yashayotgan joyga sutkaning istalgan vaqtida kirishi mumkin.

Ularning yozishmalari senzuradan o‘tkazilmaydi. Ular 15 ish kunidan iborat haq to‘lanadigan har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega.