Navoiy viloyatida “Dolzarb qirq kunlik” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida 10 nafar shaxs ushlandi, deya xabar qildi viloyat IIB.

Tadbir doirasida huquq tartibot organlari tomonidan “Mexrik” laqabi bilan tanilgan, 1991-yilda tug‘ilgan, Allayorov Mexriddin Muzaffarovich, 1995-yilda tug‘ilgan Turayev Umid Shuxratovich va ularning 8 nafar jinoiy sheriklari qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, hozirda ushbu shaxslarga nisbatan sodir etgan xatti-harakatlari uchun Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan hamda qamoqqa olinib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Navoiy viloyati IIB mazkur shaxslardan jabrlangan yoki ularning jinoiy xatti-harakatlari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolarni viloyat IIBning 79−229−50−22, 79−229−50−23 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘radi. Ma’lumot taqdim etgan insonlarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanishi ta’kidlangan.

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston bo‘ylab huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha bollari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan.

O‘tgan haftada Toshkent shahar IIBB xodimlari “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur Saidaziz Saydaliyevni qo‘lga olgan. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, u va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular pul evaziga odamlarni qarzini undirib bergan.

3-dekabr kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va u bilan yaqin jinoiy aloqasi bo‘lgani qayd etilgan Doston Xalilov ushlandi.

Shuningdek, “Salimboy” va “Salimboyvachcha” nomlari bilan tanilgan 73 yoshli tadbirkor Salim Abduvaliyev protsessual tartibda ushlandi.

Bundan tashqari, Toshkentda avval ham “kriminal avtoritet” sifatida qamalgan Abbosxon Xodjayev qo‘lga olindi.