O‘zbekiston bo‘ylab metan zapravkalari faoliyati soat 6:00 dan soat 15:00 gacha olib boriladi, deb xabar bermoqda, Energetika vazirligi axborot xizmati.

Vazirlik mamlakatda havo haroratining sovib borishi tufayli aholi orasida tabiiy gazga talab birmuncha oshgani, pirovardida, gaz bosimining sezilarli pasayishi yuz berganini ta’kidladi.

Shuningdek, 7−16-dekabr kunlari oralig‘ida sovuq ob-havo sharoitida ham gaz bosimining pasayishi kutilayotganini qo‘shimcha qildi.

Shundan kelib chiqib, aholini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida metan zapravkalari ishlash vaqtini cheklash choralari ko‘rilmoqda. Rejaga muvofiq, metan zapravkalari soat 6:00 dan soat 15:00 ga qadar ishlaydi, deydi vazirlik.

Mazkur cheklov respublikaning barcha hududlarida kiritildi. AGTKSHlar faoliyatida o‘zgarishlar kuzatilsa, qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi, deyiladi xabarda.

Shu paytga qadar 4 ta hudud — Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston bo‘yicha shoxobchalarning cheklangan jadval asosida ishlay boshlagani e’lon qilingandi.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq deputatlarga joriy qishda energetika inqirozining oldini olish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ko‘rilgani, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan gaz va elektr quvvati taqchilligi qaysi manbalardan qoplanishi haqida ma’lumot bergandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan qish mavsumida gaz tanqisligining eng yuqori darajasi kuniga 21,6 million kub metrga yetgan. 2023-yilda gaz tanqisligini o‘tkazish quvvati 18−20 million kub metrdan 35−40 million kub metrgacha ko‘tarilgan gaz omborlaridan to‘ldirish, shuningdek, Uzbekistan GTL sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish majmuasiga gaz yetkazib berishni kuniga 5 million kub metrga qisqartirish rejalashtirilgan.

Zarur bo‘lganda, ayrim gaz quyish shoxobchalariga (AGTKSH) gaz ta’minoti 30 foizga qisqartiriladi: hozirda ular kuniga 15 million kub metr gaz oladi, 5 million kub metrga cheklovlar joriy etilishi mumkin.

S&P “O‘zbekneftgaz” kredit reytingini past natijalar, yuqori qarz yuki va Uzbekistan GTL to‘liq quvvat bilan ishlamayotgani sababli nisbatan riskli bo‘lgan “B+” darajasiga tushirgan. Majburiyatlarning buzilishi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish ehtimoli kamaygani sababli prognoz “salbiy”ga o‘zgargan.

Avvalroq “O‘ztransgaz”, “Xududgazta’minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zenergoinspeksiya” va boshqa korxonalar rahbarlari prezidentga qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha hisobot bergandi. Ular energiya tizimi “har qanday ob-havo injiqligi va anomal sovuqqa tayyor”ligini ma’lum qilgan.