4-dekabrdan Andijon viloyatidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH)da cheklovlar joriy etildi, deb xabar qildi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Gaz jadvalga muvofiq — soat 06:00 dan 15:00 gacha beriladi. Qaror havoning keskin sovib ketishi tufayli tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda ijtimoiy soha obyektlari (maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqalar)ga yetkazib berishni ta’minlash bilan izohlanadi.

“Viloyatimizdagi haydovchilardan avtoulovlariga gaz to‘ldirish zaruriyatini shu vaqt oralig‘ida texnika xavfsizligi qoidalari asosida amalga oshirishlarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq deputatlarga joriy qishda energetika inqirozining oldini olish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ko‘rilgani, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan gaz va elektr quvvati taqchilligi qaysi manbalardan qoplanishi haqida ma’lumot bergandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan qish mavsumida gaz tanqisligining eng yuqori darajasi kuniga 21,6 million kub metrga yetgan. 2023-yilda gaz tanqisligini o‘tkazish quvvati 18−20 million kub metrdan 35−40 million kub metrgacha ko‘tarilgan gaz omborlaridan to‘ldirish, shuningdek, Uzbekistan GTL sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish majmuasiga gaz yetkazib berishni kuniga 5 million kub metrga qisqartirish rejalashtirilgan. Zarur bo‘lganda, ayrim gaz quyish shoxobchalariga (AGTKSH) gaz ta’minoti 30 foizga qisqartiriladi: hozirda ular kuniga 15 million kub metr gaz oladi, 5 million kub metrga cheklovlar joriy etilishi mumkin.

Avvalroq “O‘ztransgaz”, “Xududgazta’minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zenergoinspeksiya” va boshqa korxonalar rahbarlari prezidentga qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha hisobot bergandi. Ular energiya tizimi “har qanday ob-havo injiqligi va anomal sovuqqa tayyor”ligini ma’lum qilgan.