Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Daryo”ga bergan intervyusida O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha rejalashtirilgan loyihaning holatiga izoh berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning “Rosatom” agentligi bilan uchrashuv va muzokaralar davom etmoqda.

“Bizda MAGATEning talablariga asosan protseduralar amalga oshirilyapti. Ya’ni maydonni litsenziyalash, me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish jarayonlari ketmoqda. So‘nggi paytlarda kichik modulli reaktorlar bo‘yicha texnologiyalar rivojlanyapti. Kelishuvga asosan shuni ham parallel ravishda tahlil qilyapmiz. Katta stansiya qurish kerakmi yoki kichik quvvatli stansiyalar qurish bo‘yicha hozir tahlillar olib borilyapti. Nafaqat Rossiya, boshqa xorijiy davlatlar tajribasi, texnologiyasi o‘rganilyapti. Shuning uchun bu borada ishni to‘xtatganimiz yo‘q”, — dedi vazir.

“Juda katta strategik loyiha bo‘lgani uchun shoshilmasdan, barcha narsani o‘lchab, yetti marta emas, yetmish yetti marta o‘lchab, hamma narsasining hisob-kitobini, tahlilini qilgan holda prezidentimizga hisobot kirita olamiz”, — dedi Mirzamahmudov.

“Daryo” intervyusi 23-noyabr kuni e’lon qilindi. Shu bilan birga, Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev 27−28-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Primakovskiye chteniya” forumida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuv ishlari yakuniy bosqichda ekanini ta’kidlagandi.

“Bizning tushunishimiz bo‘yicha, biz 2019-yilda barcha asosiy qarorlarga erishdik. <...> Pandemiya ko‘plab jarayonlarni to‘xtatdi, biroq men o‘zbek loyihasini to‘xtatilgan loyiha deb atay olmayman. <...> Atom elektr stansiyasi qurilishi yuzasidan shartnoma bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda”, — dedi “Rosatom” rahbari va loyihani ishlab chiqish davom etayotganini qo‘shimcha qildi.

“Biz, jumladan, kam quvvat, kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha takliflar berdik. Shartnoma ustida ishlash yetarlicha intensiv davom etmoqda va menimcha, umuman olganda, biz shartnoma imzolashdan yiroqda emasmiz”, — deya Lixachevning so‘zlaridan iqtibos keltiradi TASS.

May oyida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston “Rosatom” bilan atom elektr stansiyasi qurish masalasini muhokama qilishda davom etayotgani, shuningdek, bir vaqtning o‘zida kichik atom reaktorlari sohasidagi yutuqlarni o‘rganayotganini ta’kidlagan edi. “Atom elektr stansiyasini qurish davlat uchun juda jiddiy majburiyatdir… Biz har qanday xavfni bartaraf etishimiz kerak”, — dedi u.

Avgust oyida O‘zbekistonda AES qurilishi masalasida siljish kuzatilsa, stansiya uchun Vengriyaning quruq sovitish texnologiyasidan foydalaniladi, deya ma’lum qilgandi Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu loyiha yuzlab million yevrolik hamkorlikni o‘z ichiga oladi.

2022-yil yozida Energetika vazirligi rahbarining sobiq o‘rinbosari Sherzod Xodjayev O‘zbekiston “Rosatom” bilan atom elektr stansiyasini qurish xarajatlarini kamaytirish masalasini muhokama qilayotgani haqida xabar bergan edi. “AESda ishlab chiqarilgan energiya bizga qanchaga tushadi? Boshqa manbalarga nisbatan raqobatbardosh bo‘ladimi? Iqtisodiy jihatdan samarador bo‘lmasa — ma’no yo‘q”, — degandi u.