Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni farmatsevtika va elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarishni yanada qo‘llab-quvvatlash, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, oxirgi olti yilda farmatsevtika sohasida ishlab chiqarish 3 barobar, eksport 6 barobar ko‘paygan. 525 million dollarlik 177 ta loyiha ishga tushib, jami 50 mingta ish o‘rni yaratilgan.

“Lekin bu hali mavjud imkoniyat va talab darajasida emas. Masalan, yurtimizda yiliga 1,6 milliard dollarlik dori-darmon iste’mol qilinadi. Bunda mahalliy mahsulotlarimizning ulushi bor-yo‘g‘i 18 foiz, qolgani import hisobidan qoplanyapti”, — deyiladi xabarda.

Prezident so‘nggi yillarda bu sohaga katta ko‘mak va mablag‘ berilgani, farmatsevtika zonalari tashkil etilganini ta’kidladi. “Lekin bundan to‘la foydalanilmayapti. Mahalliylashtirishni kengaytirish, tadbirkorlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mahsulotlari xaridorgirligini ta’minlash kerak. Buning zamirida qancha ish o‘rni, qancha odamlarning roziligi bor”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev xorij tajribani o‘rganish, mashhur brendlarni mamlakatga jalb etish muhimligini qayd etdi. Xususan, eng ko‘p iste’mol qilinadigan 50 turdagi dorini O‘zbekistonda ishlab chiqarish orqali mahalliylashtirish ulushini 35 foizga yetkazish topshirig‘ini berdi.

Davlat rahbari Tashkent Pharma Park klasteri qurilishini jadallashtirish, unga xususiy sherikni jalb etish vazifasini qo‘ydi.

Farmatsevtika korxonalariga GMP xalqaro standartiga o‘tish va markirovkalash tizimini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashiladi. Sohada 1,5 mlrd dollarlik 173 ta loyiha shakllantirilgan. Ularni moliyalashtirish uchun 600 mln dollar yo‘naltiriladi.

Loyihalarni amalga oshirish natijasida 2024-yilda 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi, 160 mln dollar eksport ta’minlanishi ma’lum qilindi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining yangi direktori Abdulla Azizov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida bugungi kunda O‘zbekistondan farmatsevtika mahsulotlari eksporti 120 mln dollarni tashkil etayotgani, kelgusida esa bu ko‘rsatkichni 600−700 mln dollarga oshirish rejalashtirilganini ta’kidladi.

“Buning uchun bizda yetarlicha kadrlar mavjud. Ularning malakasini oshirish ustida ishlashimiz, olimlar bilan ishlashimiz va original dorilarni yaratishni ham boshlashimiz kerak. Hozirgi kunda sohada juda rivojlangan AQSh va Xitoy mutaxassislarini jalb etgan holda biotexnologiya yo‘nalishida birinchi bosqchida fundament yaratish, keyinchalik yangi va original dorilar yaratish vazifasi ham belgilab o‘tildi, — dedi u.

Unga ko‘ra, prezident ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashib, ularning muammolarini o‘rganish, ro‘yxatdan o‘tish bilan bog‘liq muammolari mavjud bo‘lsa, zudlik bilan hal etish, olib kirayotgan jihozlari bilan bog‘liq muammolarni hal etish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Bu borada agentlik Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ish olib boradi.

Bundan tashqari, prezident Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktoriga 16 ta farmatsevtika klaster sharoitini yaxshilash va ularning sonini ko‘paytirish, shuningdek, dorivor o‘simliklardan foydalanish darajasini keskin oshirish (hozirgi kunda 750 ta o‘simlik turining 75 foizidan foydalanilmoqda) bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish kabi topshiriqlarni berdi.

“Bizda yashirinib yotgan potensialimiz juda ko‘p. Buning uchun Xitoy va Hindistondan kuchli mutaxassislarni jalb qilgan holda yangi dorilar yaratish, klasterlarning ishlash faoliyatini mukammallashtirish vazifasi yuklandi”, — dedi u.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Farrux Sharipovning aytishicha, prezident mahalliy dori vositalari bo‘yicha davlat xaridining ochiq va shaffof tizimini tashkil qilish hamda 2024-yilda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning O‘zbekiston bozoridagi ulushini 10−20 foizdan 40 foizga oshirish bo‘yicha topshiriq bergan.