Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik nafaqat mahalliy, balki global darajadagi muammolardan biridir: jahonda har uch ayoldan kamida bittasi hayoti davomida bir marta bo‘lsa-da zo‘ravonlikka uchraydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 15−49 yosh oralig‘idagi xotin-qizlarning 25 foizdan ortig‘i umri davomida yo jismoniy, yo jinsiy zo‘ravonlikka duch keladi.

O‘zbekistondagi ahvol ham havas qilgulik emas. “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har to‘rtinchi ayol zo‘ravonlikka duch keladi. Afsuski, nisbatan faol targ‘ibot, aybdorlarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilishiga qaramay, ahvol ijobiy tomonga jiddiy o‘zgarayotgani yo‘q va mamlakatdagi dolzarb va muhim muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.

Qizig‘i, bu borada bundan bir-bir yarim asr avval o‘zbek ma’rifatparvarlari tomonidan bildirilgan fikrlar hali ham dolzarb. Agar ular axborot texnologiyalari hozirgidek taraqqiy etgan zamonda yashaganida, xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonlik muammosini qanday muhokama qilgan bo‘lardi? 25-noyabr — Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni munosabati bilan “Gazeta.uz” buni, kichik ko‘rinishda bo‘lsa-da, bir tasavvur qilib ko‘rdi.