HAMAS guruhi 13 nafar garovga olingan isroillikni ozod qildi, deb yozmoqda The Times of Israel.

Ozod qilingan ayollar va bolalar Qizil xoch tashkiloti xodimlariga topshirildi va tez orada Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat punkti orqali G‘azo sektorini tark etadi.

Bu HAMAS tomonidan Isroil bilan kelishuv doirasida ozod etilgan garovga olinganlarning birinchi guruhidir. Bir necha kun avval Isroil va HAMAS G‘azo sektorida to‘rt kunlik sulh va 150 nafar falastinlik asir evaziga garovga olingan kamida 50 nafar isroillikni ozod qilishga kelishib olgan.

Bundan tashqari, Isroil hukumati G‘azo sektoriga qo‘shimcha yonilg‘i va insonparvarlik yordami olib kirilishga rozi bo‘lgan. Kelishuvga Qatar vositachiligida erishilgan.

Nashrning qayd etishicha, HAMAS jami 240 ga yaqin odamni asirlikda ushlab turibdi.

HAMAS, shuningdek, 24-noyabr kuni 12 nafar Tailand fuqarosini ozod qildi, deya xabar berdi Tailand bosh vaziri Settxa Txavisin. BBC ma’lumotlariga ko‘ra, 7-oktabr kuni uyushtirilgan hujum chog‘ida HAMAS tomonidan Isroil janubida kamida 19 nafar tailandlik fermer o‘g‘irlab ketilgan.

Tailandlik garovga olinganlarning Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuvga aloqasi yo‘q.