Ukraina sanksiyalari ro‘yxatiga O‘zbekistonning ikki fuqarosi va ikki kompaniyasi kiritildi. Vladimir Zelenskiy 23-noyabrdagi farmoni bilan Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining yangi sanksiyalar bo‘yicha ro‘yxatini tasdiqladi.

Ro‘yxatga Rossiya, BAA, Belarus va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan 93 ta kompaniya kiritilgan.

Ular orasida “Ohangaronsement” va uning egasi hisoblangan Akkermann Cement CA bor. Shuningdek, tadbirkor Alisher Usmonovning USM xoldingi tarkibiga kiruvchi Rossiyaning Akkermann Cement kompaniyasiga ham sanksiyalar joriy etilgan.

Cheklovlar ro‘yxatiga xoldingning boshqa kompaniyalari — “MegaFon”, “Metalloinvest”, USM Telecom, USM Cement, USM Gold, USM Urban Mining, USM Markirovka, Digital Invest, “Metalloinvest Treyding AG” va Hamriyah Steel FZC (“Metalloinvest”ga tegishli, BAAda ro‘yxatdan o‘tgan) ham tushgan.

Shuningdek, sanksiyalar ro‘yxatida kosmetika ishlab chiqaruvchi “Faberlik”, qandolat fabrikalari “Rot Front”, “Krasniy oktabr”, “Babayevskiy”lar ham bor.

Bundan tashqari, Usmonovning jiyani Nasiba Narziyeva va uning turmush o‘rtog‘i, avval xabar qilinganidek, Hamriyah Steel bosh direktori ekani aytiladigan Shohrux Nosirxo‘jayevga nisbatan ham sanksiyalar qo‘llangan. Ularning ikkalasi ham O‘zbekiston fuqarolari sanaladi.

Ukraina sanksiyalari 3, 5 va 10 yil muddatga qo‘llanadi, ular aktivlarni blokirovkalash, litsenziyalarni bekor qilish, Ukraina hududida tranzit va savdo operatsiyalarini, kapitalni chet elga olib chiqish, xususiylashtirish va yer sotib olishni taqiqlashni nazarda tutadi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z nutqida sanksiyalar “Rossiya agressiyasi uchun ishlayotgan yoki ularga yordam berayotgan” shaxslarga nisbatan joriy etilganini aytdi. Shuningdek, ular Rossiyaning muhim infratuzilma bilan bog‘liq bo‘lgan subyektlari hisoblanadi. Zelenskiy yaqin orada “sanksiyalar bo‘yicha boshqa qarorlar ham bo‘lishini” qo‘shimcha qildi. “Har bir familiya, har bir kompaniya nomi — Rossiya terrorining davom etayotgani uchun aniq aybdorlik”, — dedi Vladimir Zelenskiy.

Aprel oyida AQSh Alisher Usmonovning USM xoldingi va unga aloqador kompaniyalarga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi. Ular orasida Ucell uyali aloqa operatori va O‘zbekistondagi markirovkalash tizimi operatorini boshqaradigan Digital Holding ulushiga ega bo‘lgan Digital Invest kompaniyasi hamda “Ohangaronsement” ham bor. Shu bilan birga, AQSh Moliya vazirligi istisno tarzida “MegaFon” yoki Digital Invest foydasiga har qanday bitimlar, jumladan, Amerika tovarlari va texnologiyalari bilan savdo qilish uchun muddatsiz litsenziya berdi, faqat bunda operatsiyalar O‘zbekiston yoki Tojikistonda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lishi kerakligi belgilandi. Sanksiyalarga O‘zbekiston fuqarolari va kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan shaxslar ham uchragandi.

O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov “Gazeta.uz”ga bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi ishchi guruh “Ohangaronsement” aksiyadorlik jamiyati va uning ta’sischisiga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha ish olib borayotganini ma’lum qilgandi.