Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Xitoydan nafas olish yo‘llari kasalliklarining ko‘payishi va bolalarda pnevmoniya avj olishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot so‘radi. Bu haqda tashkilot bayonotida so‘z borgan.

Xususan, JSST Xitoydan laboratoriya natijalari va gripp, SARS-CoV-2, respirator sinsitial virus (RSV) va mikoplazma pnevmoniyasining sirkulyatsiya tendensiyalari to‘g‘risida ma’lumot berishni so‘ramoqda.

JSST 13-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi vakillari mamlakatda respirator kasalliklar bilan kasallanish holatlari ko‘payganini ma’lum qilganini eslatdi. Xitoy hukumati buni COVID-19 cheklovlari olib tashlanishi va gripp, mikoplazma pnevmoniyasi, RSV va SARS-CoV-2 kabi ma’lum patogenlarning sirkulyatsiyasi bilan izohladi.

Keyinroq The Telegraph gazetasi butun dunyo bo‘ylab odamlar va hayvonlar kasalliklarining tarqalishini kuzatuvchi ProMed ma’lumotlariga tayanib, Xitoy shimolidagi bolalarda noma’lum pnevmoniya avj olgani haqida xabar berdi. Nashrning ta’kidlashicha, Xitoy kasalxonalari “kasal bolalar bilan to‘lib-toshgan” va pnevmoniya bilan kasallanish holati butun mamlakat shaharlarida, shu jumladan, Pekinda ham yomonlashmoqda.

JSSTning aniqlik kiritishicha, Xitoy shimolidagi bolalarda noma’lum pnevmoniya epidemiyasi respirator infeksiyalar bilan bog‘liq yoki yo‘q, bu hali aniq emas.

Tayvanning FTV News telekanali ham Xitoydagi bolalar shifoxonalari to‘la ekani haqida xabar berdi. “Ko‘pchilik kasalxonaga yotqizilgan. Ular yo‘talgani yo‘q yoki qandaydir alomatlar kuzatilmayapti. Ularda shunchaki yuqori harorat kuzatilmoqda”, — dedi Pekin aholisidan biri kanalga.