17-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent xalqaro aeroportida avtobus Airbus 320 samolyoti bilan to‘qnashgani va havo kemasining tumshuq qismiga shikast yetgani haqida xabarlar tarqaldi.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘sha kuni samolyot HY054 Urganch — Toshkent reysini bajargandan so‘ng uni navbatdagi reys uchun tayyorlashayotgan bo‘lgan. Shu paytda Toshkent xalqaro aeroporti avtobusining haydovchisi aerodrom hududida harakatlanish qoidalarini buzgan holda havo kemasi bilan to‘qnashgan.

Oqibatda samolyotning agregatlari harakatlanayotganda havo qarshiligini kamaytirishga yordam beradigan qismi (nosovoy obtekatel) shikastlangan. Shundan so‘ng, Uzbekistan Airways Technics mutaxassislari havo kemasining shikastlangan qismini almashtirish bo‘yicha ta’mirlash ishlarini olib borgan.

18-noyabr kuni havo kemasiga parvozlarga ruxsat berilgan va soat 14:30 da Airbus 320 Neo jadvalga muvofiq parvozlarni amalga oshirishni boshlagan.

Ma’lumot uchun, ushbu voqea Toshkent xalqaro aeroportidagi birinchi holat emas. 2015-yilda ham aeroport hududida avtobus Boeing-767 samolyoti bilan to‘qnashib ketgandi.