O‘zbekiston va Afg‘oniston temiryo‘l kompaniyalari rahbarlari Hayraton — Naybobod — Mozori Sharif temiryo‘lining bir qismini ta’mirlash bo‘yicha kelishib oldi, deb xabar qildi “O‘zbekiston temir yo‘llari” (O‘TY) matbuot xizmati.

8-noyabr kuni O‘TY rahbari Zufar Narzullayev va Afg‘oniston temiryo‘llari boshqarmasi boshlig‘i Baxt-ar-Rahmon Sharafat qurilish ishlarini erta boshlash bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Uchastkani rekonstruksiya qilish ishlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi. “Ushbu hamkorlik savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilib, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi temiryo‘l aloqalarini rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochib beradi”, — deyiladi xabarda.

Afg‘oniston tomonining xabar qilishicha, temir yo‘l uchastkasining ta’mirtalab qismi mavjudligi sabab “O‘zbekiston temir yo‘lari”ga ta’mirlash ishlarini imkon qadar tez va eng kam xarajat bilan amalga oshirish taklif qilingan. Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘TY rahbari Zufar Narzullayev ishlarni “mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini hisobga olgan holda 50 foizlik chegirma bilan sifatli va qulay narxda bajarishga” va’da bergan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Hayratondan Mozori Sharifgacha bo‘lgan liniya qurilishini 2010-yil noyabr oyida yakunlagan. Uning uzunligi 75 km, loyiha qiymati esa 129 million dollarni tashkil etgan. Kompaniyaning “So‘g‘diyona Trans” sho‘ba korxonasi 2011-yil dekabr oyida Afg‘onistonda ushbu liniyadan foydalanish va xizmat ko‘rsatish maqsadida ochilgan.

2022-yil aprel oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” temir yo‘l liniyasini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkinligi ma’lum bo‘lgan. Chunki Afg‘onistonda operatsion shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish hamda boshqaruvni hukumat xizmatlari ancha arzon bo‘lishini kutayotgan mahalliy kompaniyalarga topshirish rejalashtirilgandi.

2022-yil dekabr oyida Afg‘onistonning TOLOnews nashri Qozog‘istonning Mansur Fotih kompaniyasi Hayraton-Mozori Sharif temir yo‘li uchastkasiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma olgani haqida xabar bergan, biroq O‘zbekiston keyinchalik bu ma’lumotni rad etib, muzokaralar davom etayotganini bildirgan.

1-fevral kuni O‘zbekiston Afg‘onistonga “mamlakat temiryo‘lchilari rejalashtirilgan texnik ishlarni bajarishga ulgurmagan” uchun temir yo‘l qatnovini to‘xtatgan. “So‘g‘diyona Trans” kompaniyasi va Afg‘oniston temir yo‘l ma’muriyati o‘rtasida yangi shartnoma imzolanganidan so‘ng G‘alaba — Hayraton temir yo‘lining Afg‘onistonga yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanishni ochish rejalashtirilgan. 10 kundan keyin yuk tashish qayta tiklangan va shartnoma 12-fevralda imzolangan.

oktabr oyi oxirida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurgan. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini yiliga 3 mlrd dollarga yetkazmoqchi. “Tolibon”, shuningdek, Afg‘oniston yuklarining O‘zbekiston orqali tranziti uchun to‘lovlarni kamaytirishni so‘ragan.