“Toshkent” fond birjasi boshqaruvi raisi Georgiy Paresishvili “Gazeta.uz” so‘roviga ko‘ra O‘zbekiston Markaziy banki muhokama uchun e’lon qilgan yuridik shaxslar va norezidentlar tomonidan chet el valyutasini xarid qilish ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar loyihasiga izoh berdi.

U taklif etilayotgan o‘zgartirishlar haqidagi xabarlar allaqachon tarqalib, mamlakatdagi investitsiya muhitini tushunishga salbiy ta’sir ko‘rsatganini afsus bilan ta’kidladi, chunki xorijiy investorlar o‘z mablag‘larini olib chiqish va O‘zbekistondan olingan daromadlarni repatriatsiya qilish tartiblari murakkablashishi mumkinligidan xavotirda.

Bugungi kunda mablag‘larni (masalan, xorijiy investorlar O‘zbekiston kompaniyalari aksiyalarini sotishdan olgan foydani) so‘mdan dollarga konvertatsiya qilish bo‘yicha so‘rov kelib tushganda, mahalliy banklar investorlardan ushbu bitim birjada amalga oshirilganini isbotlashni va foyda summasi qimmatli qog‘ozlar savdosi natijasida qanday shakllantirilganini batafsil tushuntirishni talab qilmoqda.

“Ammo Markaziy bank tomonidan taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, banklar investordan qo‘shimcha ravishda foyda taqsimoti (dividendlar to‘lanishi) to‘g‘risidagi hujjatni taqdim etishni talab qiladi, bu esa amalda aksiyalar emitentining korporativ qarori hisoblanadi. Soliq organining xulosasiga (soliq to‘langani to‘g‘risidagi ma’lumotnoma) kelsak, norezident, ehtimol, dividendlar bo‘yicha soliq yoki ish haqi bo‘yicha daromad solig‘ini to‘laganini isbotlashi kerak bo‘ladi. Buning hojati yo‘q, chunki dividendlar yoki ish haqi to‘lashda kompaniyaning o‘zi avtomatik ravishda soliqlarni ushlab qoladi va to‘laydi. Ya’ni dividendlar investorga emitent tomonidan dividenddan soliq ushlab qolinganidan keyin to‘lanadi. Investor dividend bo‘yicha sof daromadni oluvchi hisoblanadi va u nega foyda taqsimoti to‘g‘risidagi hujjat yoki ushbu dividend bo‘yicha soliqlarni emitentning o‘zi to‘lagani to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etishi kerakligi tushunarsiz”, — dedi fond birjasi rahbari.

“Shuningdek, investor ilgari talab etilmagan qo‘shimcha hujjat — auditor xulosasini taqdim etishi taklif etilmoqda. Ushbu auditorlik xulosasida nima yozilishi kerakligi aniq emas … Bundan tashqari, auditorlik hisoboti har xil bo‘lishi mumkin: choraklik, yillik, yarimyillik. Buxgalteriya hisobining milliy standartlarida yoki xalqaro moliyaviy hisobot standartlarida yozilgan xulosalar mavjud. Ya’ni auditorlardan qanday xulosa talab qilinayotgani va, eng muhimi, nima uchun talab qilinayotgani aniq emas”, — dedi u. Bundan tashqari, auditorlik xulosasini olish uchun investor auditorga pul to‘lashi kerak bo‘ladi, bunga esa shu paytgacha zarurat yo‘q edi.

Loyiha banklar yuridik shaxslardan talab qilishi mumkin bo‘lgan hujjatlarning maksimal ro‘yxatini nazarda tutadi, degan fikrga javoban Georgiy Paresishvili amaliyotda bunday holatlarda banklar “o‘zlarini sug‘urtalash va tekshiruvlar bo‘lganda qandaydir risklarni zimmasiga olmaslik uchun mijozlardan barcha hujjatlarni talab qilishlarini” ta’kidladi.

“Valyuta operatsiyalari bo‘yicha Markaziy bankning qo‘llanmasi bor, unda bank konvertatsiya jarayonida mijozdan qo‘shimcha hujjatlar talab qilish huquqiga egaligi yozilgan (lekin majbur emas). Bank baribir brokerlik kompaniyalaridan qo‘shimcha hujjatlar talab qiladi. Ular mumkin bo‘lgan tekshiruvlar tufayli o‘zini sug‘urtalashga harakat qiladi”, — deb tushuntirdi u.

“Toshkent” fond birjasi rahbarining ta’kidlashicha, fond bozori ishtirokchilari investor mablag‘larini konvertatsiya qilish jarayonini soddalashtirishni bir necha bor taklif qilgan. Unga ko‘ra, fond bozoridagi barcha operatsiyalar bitta bank — “Milliy bank” (“O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki”) orqali amalga oshiriladi. Barcha brokerlar “Milliy bank”da maxsus mijoz hisobvaraqlarini ochishlari shart va qimmatli qog‘ozlarni oldi-sotdisi hamda konvertatsiya qilish bo‘yicha barcha operatsiyalar faqat ushbu maxsus hisobvaraqlar orqali amalga oshiriladi.

“Markaziy bank qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa mablag‘lar ushbu maxsus hisob raqamiga tushishidan xavotirda. Lekin bu texnik jihatdan imkonsiz, chunki “Milliy bank”dagi bu maxsus hisob raqamiga ish haqini o‘tkazish, ijara yoki elektr energiyasi to‘lovini to‘lash yoki u orqali tovarlar bilan savdo operatsiyalarini amalga oshirish mumkin emas”, — dedi u.

Fond bozori ishtirokchilari quyidagi taklifni ilgari surmoqda: agar konvertatsiya (valyuta sotib olish) to‘g‘risidagi so‘rov litsenziyaga ega broker tomonidan yuborilsa va operatsiya “Milliy bank”dagi maxsus hisob raqamida amalga oshirilsa, so‘rov jo‘natuvchidan ortiqcha hujjatlar talab qilinishiga hojat yo‘q. “Chunki ixtiyoriy holatda bu bitimlar Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonun bilan tartibga solinadigan fond bozoridagi operatsiyalar bilan bog‘liqligi allaqachon aniq”, — deya qo‘shimcha qildi Georgiy Paresishvili.

Uning ta’kidlashicha, agar xorijiy investorlarga “bu bozordan ular qanday kirgan bo‘lsa, xuddi shunday osonlik bilan chiqib keta olishlari” ko‘rsatilmas ekan, O‘zbekiston xorijiy investorlarni qimmatli qog‘ozlar bozoriga jalb eta olmaydi.

“Biz xorijlik investorga uning sarmoyalarini hech qanday cheklovlarsiz qabul qilishimizni, ortiqcha savollarsiz dollarni sota olishi va so‘m sotib olishiga ruxsat berishga tayyorligimizni, dollar sotishda esa keraksiz hujjatlar talab qilinmasligini aytamiz. Ammo o‘sha investor dollar sotib olib, xorijdagi daromadlari va sarmoyalarining asosiy summasini repatriatsiya qilmoqchi bo‘lgani bilan biz investordan turli hujjatlar to‘plamini talab qilib, unga jiddiy muammolarni keltirib chiqaramiz. Bunday sharoitda investorlar shunchaki O‘zbekistonga kelmaydi”, — deydi birja rahbari.

Uning fikricha, bu geosiyosiy xatarlar va xorijiy aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish bilan bir qatorda mamlakat investitsiya muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi sabablardan biridir.

Qat’iy tartibga solish bo‘lmasa, mamlakatdan valyutaning chiqib ketishi mumkinligi haqidagi xavotirlarga kelsak, Paresishvili “dunyo amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, valyutaning chiqib ketishiga qarshi kurashishning eng yaxshi yo‘li valyutani konvertatsiya qilish va mamlakatdan repatriatsiya qilishni sun’iy ravishda cheklashga urinmaslik hisoblanadi”, — deydi.

“Chunki har qanday cheklovlar joriy etilganda, darhol odamlar va kompaniyalarda bir kun kelib valyuta sotib olish va/yoki uni olib chiqib ketish rad etilishi mumkinligidan xavotir paydo bo‘ladi, ular birinchi imkoniyat bo‘lishi bilan dollar sotib olib, ularni mamlakatdan olib chiqib ketishadi. Bu juda muhim psixologik omil bo‘lib, uni past baholamaslik kerak”, — deya ta’kidladi u.

Bunga yaxshi qarama-qarshi misol — hamma biladigan soliqlar bo‘yicha jahon amaliyoti — soliqlar kamaytirilgan va/yoki soddalashtirilgan mamlakatlarda soliqlar yig‘ilishi karrasiga oshdi, dedi Paresishvili.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi o‘rtalarida Markaziy bank O‘zbekistonda banklar va tadbirkorlik subyektlari uchun valyuta operatsiyalariga ayrim cheklovlar joriy etishni rejalashtirgandi, biroq jamoatchilik e’tirozidan so‘ng bu qaror bekor qilingandi. Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov mazkur hujjat Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi qarori bo‘lgani va unga ko‘ra banklarga mijozlarni nazorat qilish va sanksiya risklarini kamaytirish choralarini ko‘rish topshirilganini ta’kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy banklar O‘zbekistonda mijozlar yetarli darajada tekshirilmasligini sabab qilib, to‘lovlarni tasdiqlamagan.

U, shuningdek, import qilinadigan tovarlar doirasida ikkilamchi bank hisobvaraqlari orqali valyuta noqonuniy ravishda olib chiqib ketilishi mumkinligidan xavotirda ekanini bildirdi.

Yaqinda O‘zbekiston Markaziy banki yuridik shaxslarning chet el valyutasini sotib olishi shartlarini o‘zgartirishni taklif qildi. Xususan, valyutani sotib olish uchun ariza berishda talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati kengaytirilishi, norezidentlardan milliy valyutadagi mablag‘larning kelib chiqishi qonuniyligi va boshqalar talab etila boshlashi mumkin.

Markaziy bank konvertatsiya qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlar “valyuta operatsiyalarini cheklash emas, balki amaldagi qoidalarga aniqlik kiritish va operatsiyalarni amalga oshirish jarayonini soddalashtirish”ni nazarda tutishini ta’kidladi. Markaziy bank rahbari o‘rinbosari Bobir Abubakirov “orqaga qaytish bo‘lmasligi” aytdi. O‘zgarishlar texnik xususiyatga egaligi qayd etildi.