O‘zbekistonda so‘nggi ikki yilda suv xo‘jaligiga budjetdan 22 trillion so‘m (1,8 milliard dollar), jumladan, suv tejovchi texnologiyalarga qariyb 1 trillion (81 million dollar)ga yaqin subsidiya ajratilgan. Bu haqda 20-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Davlat rahbari kelgusi yillarda sug‘orish kanallarini betonlash, suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatish ishlariga ajratiladigan mablag‘ ko‘paytirib borilishini ta’kidladi. Xususan, 2024-yilda markazlashgan investitsiya hisobidan 1,7 trillion so‘mlik va xalqaro moliya tashkilotlaridan 300 million dollarlik suv infratuzilmasi loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

U, shuningdek, sug‘orish kanallarini betonlash bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinishini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligida “katta sakrash”ga faqat ilm orqali erishish mumkinligi ta’kidlandi. Bu borada yer sifati, nav va agrotexnologiyaga zamonaviy ilmiy yutuqlarni keng tatbiq etish orqali bir gektarda paxta hosildorligini 50 sentnerga, g‘allada 100 sentnerga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekistonda qishloq va suv xo‘jaligiga 2,54 milliard dollar davlat qarzi yo‘naltirilgan.

Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamroyev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida sug‘orish tarmoqlarining samarasiz ishlashi, ariqlar yetarli darajada beton qoplamalar bilan qoplanmagani 40 foizga yaqin suv isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘yilayotganini ta’kidladi.

“Albatta, [prezident] 6−6,5 milliard kub metrga yaqin suv isrof qilinishiga e’tiroz bildirdi. Biz, albatta, bu tanqidiy fikrlardan xulosa chiqaramiz. Kanallarni beton qilishga alohida urg‘u berildi. Viloyat hokimlari va barcha suv xo‘jaligi tizimiga 300 dan ortiq ana shunday kanallarni betonlashtirish bo‘yicha topshiriq berildi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 1,2 million gektar yerda suvni tejovchi texnologiyalardan foydalanilmoqda. Har yili bu ko‘rsatkichni 300−400 ming gektarga kengaytirish va 2030-yilgacha suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanishni 2 million gektarga yetkazish rejalashtirilgan.

Shavkat Xamroyev Avstraliyaning Rubicon kompaniyasi bilan birgalikda Qashqadaryo viloyatining Kasbi va Qamashi tumanlarida kanal boshqaruvi raqamlashtirish orqali yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. Hozirda 26 ta manzil onlayn rejimda ishlamoqda, dedi u.

“Biz buning ko‘lamini kengaytirishimiz kerak. Buning uchun Xitoy va boshqa rivojlangan davlatlar, xalqaro moliya institutlaridan investitsiyalarni kiritib, sohamizni to‘liq raqamlashtirishni o‘z zimmamizga oldik”, — dedi u.

“Umuman, bugungi yig‘ilishda berilgan topshiriqlar naqadar muhimligini ko‘rib turibmiz. Hurmatli prezidentimizni, jonajon xalqimizni ishontirib aytamizki, suv xo‘jaligi tizimining barcha mutaxassislari, xodimlari bor bilimi va kuchini shu vazifalarni bajarishga safarbar qiladi”, — dedi u.

Avvalroq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida yil davomida 39 mlrd kub metr suv iste’mol qilingani xabar berilgandi. Shundan 36 foizi yoki 14 mlrd kub metri tuproq o‘zanli kanal va ariqlarda yo‘qolgan, dedi prezident. Yana 5−6 mlrd kub metr suv sug‘orishning eskirgan usullari tufayli yo‘qotilmoqda.

Bugungi kunda 2,5 million gektar maydonni sug‘orish uchun 5 mingdan ziyod nasos ishlatilib, yiliga 7 milliard kilovatt soat elektr sarflanadi. Lekin 80 foiz nasoslar 35−40 yildan beri ishlatilib, o‘z resursini o‘tab bo‘lgan. E’tiborlisi, 2020-yilda ajratilgan mablag‘larga qaramasdan nasoslarning 60 foizdan ortig‘i xizmat muddati tugagani, suv yo‘qotishlari esa 35−40 foizni tashkil etgani, ya’ni uch yil davomida nasoslarni modernizatsiya qilish va yo‘qotishlarni kamaytirish o‘rniga vaziyat yanada og‘irlashgani e’tiborga molik.

O‘zbekistonda chuchuk suvning 90 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligida foydalaniladi. Bu jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha yuqori.

2023-yil aprel oyida suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov O‘zbekistonga suv resurslarining 80 foizi boshqa davlatlardan kelishi, 20 foizi mamlakatda hosil bo‘lishini qayd etgandi. Tahlillarga ko‘ra, 2030-yilga borib O‘zbekistonga 7 mlrd kub metr suv yetishmaydi. Vazirlik suvdan oqilona foydalanish zarurligini ta’kidlagan.

O‘zbekistonda ichimlik suvi tariflari ko‘tarilishi, Qoraqalpog‘istonda sholi yetishtiriladigan maydonlarning qisqarishi, Qirg‘izistonning Qozog‘istonga sug‘orish uchun suv berishni to‘xtatgani mintaqada suv inqirozi kuchayib borayotganidan dalolat beradi. “Gazeta.uz” hududlardagi suv bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgangandi.