Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov O‘zbekistonda paxtaning narxini bozor iqtisodiyoti qonunlariga muvofiq xaridorlar (paxta-to‘qimachilik klasterlari) va sotuvchilar (fermerlar) belgilashini ta’kidlab, bu sohada davlat tomonidan narx belgilash amaliyoti bekor qilinganini eslatdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga vazirlik matbuot xizmati ma’lumot berdi.

“Keyingi yillarda O‘zbekiston paxtachilik tarmog‘ini bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tkazmoqda. Biz narxlarning davlat tomonidan belgilanishidan voz kechdik va endi uni bozorning o‘zi: talab, taklif, ishtirokchilar kutilmalari belgilab beradi. Shuningdek, eksportimizning raqobatbardoshligini ta’minlash uchun jahon bozoridagi paxtaning narxi hisobga olinadi”, — dedi vazir.

“Ba’zida vazirlikka fermerlar majburiy xarid narxini belgilab berish iltimosi bilan murojaat qiladilar. Ammo kompaniyalarni belgilangan narxda paxta sotib olishga majburlashga bizning haqqimiz yo‘q: hamkorlik o‘zaro manfaatli bo‘lishi kerak — hech kim zarar ko‘rmasin. Vazirlik o‘z vakolatlari doirasida ko‘mak beradi: bahs-munozaralarda mediator bo‘lib ish ko‘radi, narxni shakllantirish bo‘yicha konsultatsiyalar beradi, subsidiyalar va imtiyozlar mexanizmlarini ishlab chiqadi va joriy etadi”, — deya qo‘shimcha Aziz Voitov.

Qayd etilishicha, vazirlik mutaxassislari tomonidan 2023-yil hosili uchun kutilayotgan minimal narx 1 kilogramm uchun 8 ming so‘m sanaladi. U Nyu-York birjasidagi paxta fyuchersi kotirovkalari (oktabr uchun o‘rtacha kotirovka 1 funt uchun 84 sent yoki 1 tonna uchun 1852 dollarga teng) va boshqa ko‘rsatkichlar (shu jumladan hom ashyoni tayyorlash, tashish, saqlash va tolani qayta ishlash uchun sarf-xarajatlar hisobi) orqali shakllanadi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot chog‘ida o‘tgan yili paxta xomashyosining ichki va jahon narxlari o‘rtasidagi katta farq tufayli klasterlar 6 trln so‘m (500 mln dollarga yaqin) zarar ko‘rgani haqida gapirgandi. 2022-yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda yetishtiriladigan o‘rta turdagi paxta xomashyosining minimal xarid narxi 1 kg uchun 10 025 so‘m etib belgilagan edi.

Qo‘lda terilgan har kilogramm paxta xomashyosi uchun 2022-yil birinchi terimda 1500 so‘mdan, ikkinchi terimda 1800 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘langandi. 2021-yilda bu ko‘rsatkich 1 kilogramm paxta uchun birinchi terimda 1200 so‘m, ikkinchi terimda esa 1500 so‘mni tashkil etgan. Ya’ni o‘tgan yilgi mavsumda to‘lov miqdori undan avvalgisiga qaraganda oshgan.

Prezident 2023-yil yanvarda “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjatda bu sohadagi har yili 1-oktabrga qadar paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan fermer xo‘jaliklari bilan kelgusi yil hosili uchun paxta xomashyosini yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuzilishi ta’kidlangan (2023-yil hosili uchun 2023-yil 1-fevralga qadar shunday shartnomalar tuzilishi aytilgan).

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga Nyu-York birjasi paxta tolasining o‘rtacha oylik fyuchers kotirovkalari tahlilini o‘zining rasmiy veb-saytida e’lon qilib borish vazifasi yuklangan. Shuningdek, bunda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta xomashyosining xarid narxi o‘zaro manfaatli kelishuv asosida shakllantirilishiga e’tibor qaratilsin, deyiladi.

Bu yil paxta mavsumi boshida Qishloq xo‘jaligi vazirligi paxta xomashyosining xarid narxini va qo‘lda terilgan paxta xomashyosi uchun to‘lanadigan haq miqdorini e’lon qilmadi. Buning fonida vazirlik O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta xomashyosi narxi endilikda bozor tamoyillari asosida belgilanishi haqida bayonot berdi va bunga yuqorida keltirilgan prezident qarorini asos qilib ko‘rsatdi. Shuningdek, vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda paxta narxining taxminiy narxlari belgilangani haqidagi xabarlar feyk ekani haqida munosabat bildirib turibdi.

Jamoatchilik faollari qo‘lda terilgan paxta uchun o‘tgan yilgi narxlarda haq to‘lash davom etayotgani haqida yozdi. Ya’ni paxta terimi uchun haq o‘tgan yil darajasida qolgani aytilmoqda (hatto inflyatsiyaga nisbatan darajasi oshmagan).

Klasterlar paxta hosili narxini kamaytirish kerak, deb hisoblamoqda. Bu haqda 5-sentabr kuni “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga asoslanib, O‘zA xabar berdi.

Uyushma bayonotidan o‘tgan yilgi paxta hosili bo‘yicha jahon bozori bilan ichki bozordagi tola narxi o‘rtasida katta tafovut bo‘lgani oqibatida klasterlar 6 trln so‘m zarar ko‘rgani, 2022-yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rta turdagi paxta xomashyosining eng kam xarid narxini 1 kg uchun 10 025 so‘mdan belgilagani va jahon bozorida narx bundan ikki baravar past bo‘lgani aytiladi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ham bu masala yuzasidan o‘z munosabatini e’lon qildi. Unda prezidentining 2023-yil 26-yanvardagi qarori bilan 2023-yil hosilidan boshlab paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari paxta xom ashyosining xarid narxini o‘zaro manfaatli kelishuv asosida belgilashi eslatib o‘tilgan. Lekin munosabatda klasterlar tomonining paxta hosili narxini kamaytirish kerakligi haqidagi fikriga Fermerlar kengashi qarshi yoki yo‘qligi, fermerlar bu narx bo‘yicha qanday fikrdaligi aytilmaydi.

Jamoatchilik munosabati

Paxta narxi bo‘yicha yuzaga kelayotgan muammo haqida asosan iqtisodchi Otabek Bakirov hamda Davletovuz Telegram kanali muallifi Qobil Hidirov yozdi.

“Bizga kelgan xabarlarga ko‘ra ham, joriy yilgi paxta yig‘imi mavsumida bir kilo qo‘lda terilgan paxta uchun 1500 so‘mdan haq to‘lanmoqda. Ya’ni paxta terimi uchun haq o‘tgan yil darajasida qolgan. Katta ehtimol bilan hujjat qabul qilinmaydi ham. Amaldorlarimiz buni Prezidentning 2023-yil 26-yanvardagi qarorida ko‘zda tutilgan 2023-yil hosilidan boshlab paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari paxta xom ashyosining xarid narxini o‘zaro manfaatli kelishuv asosida belgilaydi, degan norma bilan xaspo‘shlashga harakat qilishmoqda”, — deb yozdi Qobil Hidirov.

“Aftidan, klasterlarning O‘zto‘qimachiliksanoat timsolidagi lobbi xatti-harakatlar “o‘z mevasi”ni bergan ko‘rinadi. Fermerlar jiddiy e’tiroz bildirishdi, ularning nomidan ish ko‘radigan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi esa suyagi, tishi yo‘q bayonotdan nariga o‘ta olmadi. Paxtani yig‘ishtirib olishni ma’muriy yo‘l bilan emas, balki bozor narxlari orqali tashkil qilish harakatlari yana zoye ketadigan bo‘ldi”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

Shuningdek, Qobil Hidirov 9-oktabr kungi postida fermerlar paxta narxini bilolmay halak ekanini ta’kidlagan.

“oktabrning 10-sanasiga kelib ham, fermerlar paxta narxini bilisholmay halak. Qishloq xo‘jaligi vazirligi esa koptokni u yoqdan bu yoqqa tepish bilan ovora, har kuni turli gap-so‘zlar, taxminlar tarqayapti, mishmishlar bolalayapti, fermerlar ijtimoiy tarmoqlarda paxta narxi bo‘yicha har kuni savol berishmoqda. Vazirlik esa raddiya berishdan nariga o‘ta olmayapti. Paxtakor, fermer qiynalgani qolyapti, xolos. Fermerlar kengashi ham mum tishlab olgan”, — deydi u.

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa Qishloq xo‘jaligi vazirligining 17-sentabr kuni e’lon qilingan, paxta xomashyosi narxi endilikda bozor tamoyillari asosida belgilanishi aytilgan bayonotiga munosabat bildirdi.

Otabek Bakirov қishлоқ xo‘jaligi keltirayotgan mezon asosida belgilanadigan narxni bozor narxi deb atash mumkin emasligini ta’kidlagan.

“Birinchidan, e’tibor bering, vazirlik talab va taklif omilini uchinchi navbatda sanamoqda. Har bir hududda o‘sha hududdagi yerning holati, paxta yetishtirishga yo‘naltirilgan sarf-xarajatlar bu tannarxni shakllantiruvchi omillar, bozor narxini emas. Erkin bozorda tannarxning shishirilishi bozor narxini tepaga ko‘tarmaydi yoki tannarxning pasayishi bozor narxini tushirmaydi”, — deb yozgan iqtisodchi.

Ikkinchi sabab sifatida mutaxassis sotuvchi va xaridor tomonining bu munosabatlarda kuchlari teng emasligini keltirgan.

“Ikkinchidan, paxta yetishtiruvchi fermerlar tumanlardagi klasterlarga majburiy biriktirib qo‘yilgan hozirgi sharoitda oluvchi va sotuvchi o‘rtasida qanaqa qilib teng kelishuv bo‘lishi mumkin? Fermerning eng katta kreditori Klaster. Bog‘lab berilgan qudratli, hokimiyat bilan chatishib ketgan Klasteridan boshqa subyekt bilan de-yure munosabatga kirisha olmaydigan fermer qaysi vositalar bilan narxda tortishishi mumkin? Qaysi omil o‘zaro manfaatli kelishuvni ta’minlaydi? Boshqa hududdan klaster kelib yuqoriroq narx taklifi bilan fermerning paxtasini olib keta oladimi? Fermerlar paxtasi bilan, Klasterlar taklifi va shartlari bilan o‘zaro raqobat qiladilarmi? Yo‘q va yana yo‘q”, — deb yozgan iqtisodchi.

“Uchinchidan, Nyu-York tovar birjasidagi kotirovkalarga ko‘ra, dekabr oyi fyucherslari bir funt paxta tolasi uchun 86−87 sentdan o‘tmoqda. Bu bir tonna paxta tolasi 1900−1920 dollar atrofida yoki 23−23,4 mln.so‘m degani (darvoqe, prezident qaroriga ko‘ra Qishloq xo‘jaligi vazirligi Nyu-York birjasi paxta tolasining o‘rtacha oylik fyuchers kotirovkalari tahlilini o‘zining rasmiy veb-saytida e’lon qilib borishi kerak edi, lekin bu vazifa balki atayin bajarilgani yo‘q). O‘zbekistonda nechta fermer paxta narxlaridagi o‘zgarishlarni biladi va kuzatib boradi? Birjalardagi narx va tendensiyalarni bilmagan fermer qaysi ma’lumotga tayanib narx uchun talashadi?”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

Otabek Bakirov bugungi realliklarda fermer va klaster o‘rtasida hech qanaqa bozor narxi haqida gap bo‘lishi mumkin emasligini “paxta terimi uchun og‘zaki ravishda belgilangan va qat’iy amal qilinayotgan 1500 so‘mlik to‘lov” ham ko‘rsatib turganini ta’kidlagan.