Isroil Tashqi ishlar vazirligi HAMAS hujumi oqibatida halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan xorijlik fuqarolar bo‘yicha ma’lumot berdi. Halok bo‘lgan xorijliklarning aksariyati Tailand fuqarolari (18 kishi). Shuningdek, bu mamlakatning 11 fuqarosi garovga olingani, 15 nafari esa bedarak yo‘qolgani xabar qilingan.

11 nafar AQSh fuqarosi halok bo‘lgan, bu mamlakat fuqarolaridan qanchasi hujum oqibatida bedarak yo‘qolgani noma’lum. Nepaldan 10 kishi, Argentina fuqarolaridan 7 kishi halok bo‘lgan.

G‘azo sektorida elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun yonilg‘i tugab qolgani sababli hududdagi yagona elektr stansiyasi faoliyatini to‘xtatdi. Al Jazeera`ning yozishicha, G‘azo sektoridagi eng yirik shifoxonada uch kun elektr quvvatini ta’minlab turishga yetarli yonilg‘i qolgan. “Chegara bilmas shifokorlar” tashkilotining G‘azodagi rasmiysi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azoda mazkur guruh tomonidan boshqarilayotgan ikkita kasalxonada jarrohlik asbob-uskunalari, antibiotiklar, yoqilg‘i va boshqa kerakli buyumlar tugab qolgan.

Eslatib o‘tamiz, Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant 9-oktabr kuni G‘azo sektorini “to‘liq blokada” qilish haqida buyruq bergan, ya’ni hududga suv va elektr energiyasi, oziq-ovqat va yoqilg‘i yetkazib berish to‘xtatilishi ma’lum qilingan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroilning blokada o‘rnatish qarorini qoralab, bunday choralar tinch aholining qurbon bo‘lishiga olib keladigan “kollektiv jazo” ekanini ta’kidlagan.

Isroilda Milliy birdamlik hukumati tuzildi. Urush davrida faoliyat yuritadigan favqulodda hukumat tarkibiga mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, sobiq mudofaa vaziri Beni Gans va amaldagi mudofaa vaziri Yoav Galant kiradi.

Strategik ishlar vaziri Ron Dermer va Isroil mudofaa kuchlari sobiq rahbari Gadi Ayzenkotga favqulodda hukumatda kuzatuvchi maqomi beriladi.

Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan havo hujumlari oqibatida BMT Falastin qochqinlari ishlari bo‘yicha agentligining 11 nafar xodimi halok bo‘ldi. Shuningdek, xalqaro Qizil xoch va Qizil yarim oy jamiyatlarining besh nafar a’zosi ham o‘lgan.

Reuters`ga ko‘ra, halok bo‘lganlar besh nafar o‘qituvchi, bir nafar ginekolog, muhandis, psixolog va uch nafar yordamchi xodimlar bo‘lgan. “Ba’zilari o‘z uylarida oilalari bilan birga o‘ldirilgan”, — deyiladi xabarda.

Isroil energetika vaziri garovga olinganlar uylariga qaytmagunicha G‘azo sektoriga suv ham, elektr energiyasi ham berilmasligini ta’kidladi.

“G‘azoga gumanitar yordam? O‘g‘irlab ketilgan isroilliklar uylariga qaytmagunicha birorta elektr energiyasi uzatkichi yoqilmaydi, birorta suv gidranti ochilmaydi va yonilg‘i tankeri [G‘azo sektoriga] ham kirmaydi”, — deb yozdi Israel Kats X ijtimoiy tarmog‘ida (sobiq Twitter).

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, shanba kungi hujumdan so‘ng HAMAS tomonidan garovga olingan 150 nafarga yaqin odamning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Ular orasida chet el fuqarolari ham bor.

Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azo sektoridagi vakili Ashraf al-Kudra G‘azoning sog‘liqni saqlash tizimi “inqiroz arafasida” ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, reanimatsiya bo‘limlarida yangi bemorlar uchun joy yo‘q va yaradorlar soni hozirda mavjud operatsiya xonalarining imkoniyatlaridan oshib bormoqda.

Qizil xoch xalqaro qo‘mitasi G‘azodagi shifoxonalar zo‘ravonliklar kuchayishi va Isroil anklavni qamal qilishi ortidan elektr quvvatini yo‘qotgani uchun “o‘likxonaga aylanish xavfi ostida” ekanini qayd etdi.

Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida 1350 dan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 6049 kishi jarohat oldi. Isroilda esa HAMAS hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni 1200 kishiga yetdi, 2500 nafarga yaqin odam jarohatlangan.

Shuningdek, Isroil mudofaa kuchlari HAMASning 1500 nafardan ortiq vakilini yo‘q qilgani haqida xabar berdi.