Toshkent shahrida ichimlik hamda oqova (kanalizatsiya) suv xizmatlari narxi oshishi kutilmoqda. Bu haqda “Toshkent shahar suv ta’minoti” xabar qildi.

Bunga sabab sifatida suv ta’minoti tizimidagi sarf-xarajatlarning keskin ortgani munosabati bilan

Qayd etilishicha, aholi uchun bir metr kub suv narxi 1400 so‘m, oqova suv narxi esa 1000 so‘m, yuridik tashkilotlar uchun ichimlik suvi narxi 3000 so‘m oqava suv narxini esa 2200 so‘m etib belgilash bo‘yicha takliflar Toshkent shahar deputatlar kengashiga taqdim etilgan.

“Toshkent shahridagi oshishi kutilayotgan suv va kanalizatsiya narxlari Toshkent viloyati hamda respublikaning boshqa hududlaridagi ayni kundagi narxlardan pastligicha qolmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, yakuniy xulosalar bo‘yicha ommaviy axborot vositalari hamda blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, 1-avgustdan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida, 20-avgustdan Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflari oshirilgandi. Xususan, “Toshkent suv ta’minoti” korxonasi abonentlari uchun aholiga suvning kubometri tarifi 950 so‘mdan 1700 so‘mga (QQSsiz), budjet va ulgurji tashkilotlari uchun 4000 so‘mdan 7000 so‘mgacha oshirilishi xabar qilingandi.

Aholi uchun oqova suv xizmatlari tarifi 1 kubometr uchun 700 so‘mdan 850 so‘mga (QQSsiz), budjet va ulgurji tashkilotlari uchun 1300 so‘mdan 1850 so‘mga oshirildi.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi “Chimyon-Chorbog‘ suv ta’minoti” va “Musaffo obi hayot” korxonalari abonentlari uchun ham tariflar oshirilmoqda.

“Surxondaryo suv ta’minoti” korxonasi Surxondaryo viloyatida 1-avgustdan tariflar oshirilishini ma’lum qilgan edi. Aholiga suv uchun tariflar 1 kubometr uchun 1150 so‘mdan 2140 so‘mga, kanalizatsiya uchun esa 650 so‘mdan 950 so‘mga ko‘tarilgan (QQSsiz).

1-avgustdan Qashqadaryo viloyatida ichimlik suvi narxi 1000 so‘mdan 2000 so‘mga va kanalizatsiya uchun 950 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshirildi.