Qatar qaytish chiptasiga ega va xorijga chiqish pasportining amal qilish muddati 6 oydan kam qolmagan O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejimni joriy qildi.

Mamlakat hukumatining elektron viza berishga mo‘ljallangan portalida O‘zbekiston ushbu davlatga vizasiz kirish mumkin bo‘lgan 101 ta davlat qatorida turganini ko‘rish mumkin.

Shu yilning iyun oyida O‘zbekiston Qatar fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilgandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oktabr oyi boshida Dohada Qatar amiri bilan muzokaralar o‘tkazgan. O‘shanda mamlakatlar o‘rtasida qator hujjatlar imzolangan. Dohada O‘zbekiston elchixonasi ochilgan.

Avvalroq “Gazeta.uz” muxbiri Easybooking kompaniyasi tomonidan OAV xodimlari uchun Qatar poytaxti Dohaga uyushtirilgan bir haftalik info-turda bo‘lib qaytgandi. Ushbu safardan tayyorlangan fotoreportaj bilan bu yerda tanishish mumkin.