O‘zbekistonda so‘nggi 10 yilda eng ko‘p sel-cuv toshqinlari 2022-yilda kuzatildi. Bu haqda 5-oktabr kuni Gidrometeorologiya agentligi boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Zahidov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi 10 yilda O‘zbekistonda 700 dan ortiq sel-suv toshqin hodisalari kuzatilgan bo‘lib, shundan eng ko‘pi 2022-yilga (171 ta) to‘g‘ri keladi. Ushbu ko‘rsatkich arxiv ma’lumotlarida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

“Respublikaning 12 foiz maydoni sel xavfi hududida joylashgan. Toshqinlar yildan-yilga iqtisodiyot tarmoqlari va infratuzilma obyektlariga, talafotlar ekin maydonlari, aholi yashash punktlari, ishlab chiqarish binolari, yo‘llar va irrigatsiya tizimlariga zarar yetkazmoqda. Eng achinarli holat — bundan insonlarning halok bo‘lishi qayd etilmoqda. Hozirgi kunda respublikamizda sel va suv toshqin xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda 4149 ta xo‘jalik, 21 426 aholi bor. Aholi soni bo‘yicha eng ko‘p Farg‘ona viloyatiga to‘g‘ri keladi”, — dedi u.

Qahramon Zahidovning aytishicha, hozirgi kunda favqulodda vaziyatlar va ularning oldini olishga harakat qilish davlat tizimi doirasida 300 dan ziyod kuzatuv punktlari mavjud. O‘zbekiston hududida 29 ta sel kelish havzasi mavjud bo‘lib, ular, asosan, tog‘li hududlar — Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, 6−7-oktabr kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel-suv toshqini xavfi yuzaga kelishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.