Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga yetkazishni avval rejalashtirilganidek 1-oktabrdan emas, faqat oktabr oyining oxirida boshlaydi. Bu haqda chorshanba kuni Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev ma’lum qildi, deb yozdi Vlast.kz.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gaz quvurida ta’mirlash ishlari hali ham davom etmoqda, Qozog‘istonga hali zarur ariza kelib tushmagan.

Qozog‘iston hududida gazni hisobga olish uchun alohida liniya ajratilgan holda ta’mirlash ishlari yakunlanmoqda va tranzitni ta’minlash imkoniyati bilan bog‘liq ishga tushirish ishlari olib borilmoqda, dedi u.

Almasadam Satkaliyevning qo‘shimcha qilishicha, yetkazib beriladigan gaz hajmi ham kelishib olinmoqda va Qozog‘iston ariza kelib tushgan zahoti ularni e’lon qilishi mumkin.

Iyun oyida O‘zbekiston hukumati va “Gazprom” o‘rtasida Rossiya gazini mamlakatga yetkazib berish bo‘yicha kelishuv, shuningdek, yoqilg‘i qabul qilish va tashish uchun gaz tashish tizimini tayyorlash bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolangan edi.

O‘zbekiston Energetika vazirligi “Gazprom” bilan shartnoma ikki yilga tuzilgani, yetkazib berish hajmi kuniga 9 million kub metrni, yillik hajmi deyarli 2,8 milliard kub metrni tashkil etishini ma’lum qildi.