O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-sentabr kuni “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. “Gazeta.uz”da hujjat nusxasi mavjud.

Hujjatga muvofiq, elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi “O‘zenergosotish” AJ tashkil etiladi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ elektr energiyasini tashish va tranzit qilishga ixtisoslashgan yagona magistral elektr energiyasi uzatish tizimi operatori etib belgilanadi.

Shuningdek, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi (energetika bozori regulyatori) tashkil etiladi.

2024-yil 1-iyuldan elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasi “O‘zenergosotish” AJ tomonidan va magistral elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish funksiyasi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasi tomonidan to‘liq amalga oshiriladi.

2025-yil 1-yanvardan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”ning elektr energiyasi eksporti va importi shartnomalari, xususiy elektr stansiyalari bilan imzolangan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimlari bo‘yicha majburiyatlari “O‘zenergosotish”ga to‘liq o‘tkaziladi.

2025-yil 1-yanvargacha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”ning elektr energiyasi eksporti va importi shartnomalari, xususiy elektr stansiyalari bilan imzolangan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimlari “O‘zenergosotish”ga qaytadan rasmiylashtiriladi.

2024-yil 1-fevralgacha xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magida Elektr energiyasi tariflarini shakllantirishning yangi uslubiyoti ishlab chiqiladi.

2024-yil 1-maygacha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”ning elektr energiyasini magistral elektr tarmoqlari orqali uzatish, “O‘zenergosotish” uchun elektr energiyasini sotish va xarid qilish tariflarini hamda elektr energiyasi uchun kelib tushadigan mablag‘larni taqsimlashning yangi tartibi tasdiqlanadi.

Keyingi bosqichda elektr energiyasi onlayn savdo maydonchasi orqali talab va taklifdan kelib chiqqan holda erkin narxlarda sotiladi.

“O‘zenergosotish” kompaniyasi shartnomalar asosida elektr energiyasini eksport-import operatsiyalarini amalga oshiradi.

Ayni paytda, quyidagilar “Milliy elektr tarmoqlari”ning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • yagona elektr energetika tizimining real vaqt rejimida ishonchli ishlashini va barqarorligini ta’minlash;
  • tasdiqlangan tariflar asosida magistral elektr tarmoqlari orqali elektr energiyasini uzatish xizmatlarini ko‘rsatish;
  • tasdiqlangan dasturlar asosida magistral tarmoqlarni rivojlantirish;
  • qo‘shni davlatlar energetika tizimlari bilan barqaror integratsiyani ta’minlash va parallel ish rejimlarini boshqarish.

2024-yil 1-martga qadar elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo bozorlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini, shuningdek, ushbu bozorlar ishtirokchilari faoliyatini litsenziyalash tartibini nazarda tutuvchi hujjatlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.

2025-yil 1-yanvarga qadar “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”ning elektr energiyasi eksporti va importi bo‘yicha shartnomalarini, shuningdek, xususiy elektr stansiyalari bilan tuzilgan elektr energiyasini sotib olish shartnomalarini “O‘zenergosotish” kompaniyasi nomiga qayta ro‘yxatdan o‘tkazish topshirildi.

Shu bilan birga, “Milliy elektr tarmoqlari” shartnoma va kelishuvlarda nazarda tutilgan tarmoq operatori funksiyalarini bajarish majburiyatida qoladi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil iyun oyida tabiiy gazni markazlashgan holda xarid qilish va sotish funksiyasini, shuningdek, yagona eksportchi sifatida UzGasTrade kompaniyasi tashkil etilgan edi.