O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-oktabr kuni Dohaga davlat tashrifi doirasida Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, tomonlar “Siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish” masalalarini muhokama qildilar.

Iyun oyida Qatar amiri ikki davlat tarixida ilk bor oliy darajadagi tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan edi. Davlat rahbarlarining muzokaralarida hamkorlikni “har tomonlama sheriklik” darajasiga ko‘tarish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Qatar amiri kelgan kuni O‘zbekiston prezidenti Qatar fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

May oyida Toshkentda Qatar elchixonasi ochildi. Shavkat Mirziyoyevning tashrifi arafasida esa Dohada O‘zbekiston elchixonasi ham ochildi.

Qatar amiri va O‘zbekiston prezidenti savdo ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirish, an’anaviy va “yashil” energetika, neft-kimyo, metallarni chuqur qayta ishlash, qurilish, turizm, moliya va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish uchun 2024-yil yanvar oyida Dohada qo‘shma Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishlari va biznes forumini o‘tkazish taklif qilindi. Madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Qatarning ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, biotexnologiyalar va sun’iy intellekt, “yashil” energetika borasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Dohada O‘zbekiston madaniyati va turizm haftaligini o‘tkazishga kelishib olindi.

Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amaliy ilgari surish masalalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi. Tomonlar Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish muhimligi haqida yakdil fikr bildirdilar.

шавкат мирзиёев, қатар

Muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.

Xususan, hamkorlikning turli sohalarini qamrab oluvchi quyidagi hujjatlar imzolandi:

  • O‘zbekiston hukumati va Qatar hukumati o‘rtasida turizm va ishbilarmonlik tadbirlari sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Qatar Ijtimoiy rivojlanish va oila vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi hamda Qatar Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va Qatar Investitsiya agentligi o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • O‘zbekiston Korrupsiya qarshi kurashish agentligi hamda Qatar Ma’muriy nazorat va shaffoflik boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida quyidagi kelishuvlarga erishildi:

  • O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi va Doha dinlarararo muloqot xalqaro markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi va Qatar Davlati Inson huquqlari bo‘yicha milliy qo‘mitasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Qatar Davlati Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tuzish to‘g‘risida bitim;
  • O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Qatar Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi.