23-sentabr — 8-oktabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilayotgan 19-Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi 43 medalni qo‘lga kiritdi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi.

байdaрка va kanoeda eshkak eshish, yengil атлетика, осиё ўйинлари, сuв polosi, чиm ustida xokkey

2-oktabr holatiga ko‘ra, terma jamoa 11 oltin, 14 kumush va 18 bronza medali bilan 45 ga yaqin davlat orasida oltinchi o‘rinni egallab turibdi. Birinchi o‘rinda Xitoy 257 medal (142 oltin, 76 kumush, 39 bronza), Yaponiya ikkinchi (117: 30−43−44), uchinchi o‘rinda Janubiy Koreya (131: 30−39−62), to‘rtinchi o‘rinda Hindiston (56: 13−21−22) bormoqda.

O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 3 ta kumush va ikkita bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, turnir jadvalida bir pog‘ona pastga tushdi. Xitoy Taipeyi (38: 12−10−16) beshinchi o‘ringa ko‘tarildi.

1-oktabr kuni yengil atletikachi Yekaterina Voronina Osiyo o‘yinlaridagi ikkinchi medalini qo‘lga kiritdi. U ko‘pkurash dasturida (100 m to‘siqlar bilan yugurish, balandlikka sakrash, yadro uloqtirish, 200 m yugurish, uzunlikka sakrash, nayza uloqtirish, 800 m yugurish) 6056 ball to‘plagan holda kumush medal sohibasiga aylandi. Eslatib o‘tamiz, u 2014-yilgi Osiyo o‘yinlarida ham oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.

Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi o‘zi ishtirok etgan dasturning barcha turlari bo‘yicha finalga chiqdi.

Dastlab baydarkada 1000 metr masofaga eshkak eshish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida final bahslari o‘tkazildi. Unda Shahriyor Mahkamov 3:49,978 daqiqa natija bilan marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi va yarim masofada peshqadam bo‘lgan bo‘lsa-da, delegatsiya kolleksiyasiga kumush medalni qo‘shib qo‘ydi. Birinchi o‘rinni xitoylik Chjan Dong (3:46,224), uchinchi o‘rinni qirg‘izistonlik Rodion Tuygunov (3:51,399) egalladi.

Erkaklar o‘rtasidagi kanoeda 1000 metr masofaga eshkak eshish dasturida Vladlen Denisov Xitoy Taipeyi vakili Kuan-Che Laydan (4:15,942) 0,052 soniya ortda qolib, 4:15,994 daqiqa natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. Qozog‘istonlik Timofey Emelyanov uchinchi o‘rinni egalladi (4:18,810).

Baydarkada 500 m masofaga eshkak eshish bahslarida Yekaterina Shubina va Arina Tanatmisheva juftligi marraga uchinchi (1:52.832 m) bo‘lib yetib keldi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi. “Oltin” — Xitoy (1:49,944), “kumush” — Qozog‘iston (1:51,251) raqiblariga nasib etdi.

Suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi barcha uchrashuvlarni o‘tkazib, Osiyo o‘yinlarini oltinchi o‘rinda yakunladi. Ushbu dasturda oltin medal va Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasi Xitoy termasiga nasib etdi.

Chim ustida xokkey bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Osiyo o‘yinlaridagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. “A” guruhida sportchilar 2-oktabr kuni 5-turda Singapur bilan uchrashib, raqiblarini 2:1 hisobida mag‘lub etishdi.

Shaxmat bo‘yicha jamoaviy dasturda ayollar terma jamoasi Janubiy Koreyani 4:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, erkaklar jamoasi Eronga 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berdi. Keyingi turda erkaklar Xitoy termasiga, qizlar Gonkongga qarshi bahs olib boradi.