1-oktabrdan O‘zbekistondagi ayrim avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarida bir kubometr gaz narxi 3100−3250 so‘mgacha oshdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari xabar bermoqda. Ma’lumotni Farg‘ona vodiysidagi gaz to‘ldirish shoxobchalaridan birining asoschisi “Gazeta.uz”ga tasdiqladi.

Narxlar tadbirkorlik subyektlari, budjet tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar uchun gaz va elektr energiyasi tariflarining 1-oktabrdan 660 so‘mdan 1500 so‘mga (2,3 baravar), gaz to‘ldirish shoxobchalari uchun 1000 so‘mdan 1500 so‘mga ko‘tarilishi (1,5 baravar) elektr energiyasi tarifi esa 450 so‘mdan 900 so‘mga (2 baravar) oshishi ortidan ko‘tarildi.

Tarif ko‘tarilgunga qadar gaz to‘ldirish shoxobchalarida gaz o‘rtacha 2700−2800 so‘mdan — 16 foiz arzonroq sotilgan.

Internet foydalanuvchilari hududlarda taksi va avtobuslar narxlari ham oshgani haqida xabar bermoqda. “Gazeta.uz” Urganchda avtobuslarda yo‘l kiralar ikki baravarga — 1000 so‘mdan 2000 so‘mgacha oshirilganidan xabardor.

AGTKSHlarda narxlar keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hukumat tomonidan 3250 so‘m narx chegarasi belgilandi. Cheklangan chakana narx “asossiz” oshgan taqdirda, gaz to‘ldirish quyish shoxobchalari gaz ololmaydi, deyiladi hukumat hujjatida.

Gaz quyish shoxobchalaridan birining ta’sischisi “Gazeta.uz”ga gaz to‘ldirish shoxobchasi rahbarlari prokuraturaga chaqirtirilib, narxlarni 3250 so‘mdan oshirishga yo‘l qo‘yilmaslik haqida ogohlantirilganini ma’lum qildi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov avvalroq gaz to‘ldirish shoxobchalari tariflar oshirilgandan so‘ng narxlar 3250 so‘mgacha cheklangan taqdirda ham kiritgan sarmoyasi qaytarilishini ta’minlashi mumkinligini ta’kidlagan edi.

Tadbirkorlardan birining “Gazeta.uz”ga aytishicha, tariflar oshirilgach, uning foydasi har kubometr uchun 440 so‘mdan 110 so‘mga tushadi. Marjaning pasayishi fonida ko‘plab AGTKSHlar yopilishi mumkin, bu esa benzinga bo‘lgan talabni oshiradi, dedi u.