Sergeli tumanida sodir bo‘lgan favqulodda hodisa oqibatida zarar ko‘rgan aholidan pul undirish niyatida bo‘lgan shaxslar aniqlandi, deya xabar qildi Toshkent shahar hokimligi.

Hokimlik ta’mirlash ishlari bepul amalga oshirilayotganini eslatib o‘tdi.

“Hurmatli jabr ko‘rgan yurtdoshlar! Barcha ishlar siz uchun bepul ravishda bajarilmoqda, noinsof shaxslarning gaplariga ishonib, aldanib qolmang!”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov uylariga yetkazilgan zarar davlat hisobidan qoplab berilayotgani, tergov va sud ishlari yakuniga yetgach, ta’mirlash uchun zaxiradan ishlatilgan pullar aybdorlardan sud orqali undirib olinishini ma’lum qildi.

Sergelidagi portlash

2023-yilning 28-sentabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahri Sergeli tumani Xonobod ko‘chasi 3-uy manzilida joylashgan Inter Logistics MCHJga qarashli 18,4 gektar yer maydonda joylashgan omborxonada taxminan 10 000 kv. metr maydonda yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in sabab omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni 8 soat davomida o‘chirgan. FVV va boshqa tegishli tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib jalb qilingan.

Portlash zarba to‘lqini natijasida omborxona atrofida joylashgan bir nechta ko‘p qavatli uylarga, binolarga hamda transport vositalariga shikast yetgan. 163 nafar fuqaro jarohatlangan.

Portlashda 2006-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan fuqaro olgan jarohati oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

Holat bo‘yicha IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi. Hukumat komissiyasiga uch kun muddatda Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi omborxonada sodir bo‘lgan portlash sabablarini o‘rganish, talafotlarni bartaraf etish hamda fuqarolarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish vazifasi topshirildi.