Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasidagi portlashda jabrlangan uy egalariga yetkazilgan zarar qoplab berilishini ma’lum qildi. Bu haqda Prezident administratsiyaga yaqin “Manba” Telegram kanali xabar berdi.

“Moddiy zarar 2−3 kun ichida qoplanadi, bu muammolarni hal qilamiz”, — dedi favqulodda hodisa joyiga yetib kelgan Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov.

Shuningdek, shahar hokimligi vaziyat to‘liq nazoratga olinganini qayd etgan. Shahar aholisi va mehmonlaridan agar bugun tunda ro‘y bergan hodisa yuzasidan savollar yoki murojaat bo‘lsa, 71 210−01−63 raqami orqali Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga murojaat qilish so‘ralgan.

Yong‘inni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bilan birga yetkazilgan zararni baholash va bosqichma-bosqich qoplash ishlari boshlangan.

Mulkiga zarar yetgan fuqarolarning murojaatlari 1205 raqami orqali qabul qilinadi.

28-sentabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Soat 02:43 da yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida FVBga xabar tushgan. Shunga ko‘ra, 16 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 3 ta avtonarvon soat 02:48 da hodisa ro‘y bergan hududga yetib borgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarda kuchli portlash ovozini eshitish mumkin. Yaqin atrofdagi xonadonlarga shikast yetgan. Savdo va boshqa markazlar jiddiy zarar ko‘rgan. Xonadonlarga tez yordam mashinalari yetib borgan.

FVV hodisa “Samolyot qulashi oqibatida sodir bo‘lgan” mazmunidagi xabarlarni rad etdi. Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, portlash oqibatida jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filialiga olib kelingan. Hozirga qadar ular orasida o‘ta og‘ir tan jarohati olganlar yo‘q. Ayni paytda shifokorlar tomonidan jabrlanganlarga barcha kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, deyiladi xabarda.

Davolash muassasalarida tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifokorlar va barcha zarur dori-darmon zaxirasi yaratilgani ta’kidlandi. Yong‘in oqibatida voqea joyi va uning atrofidagi xonadonlarda jarohatlanganlarga ham shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, deyiladi vazirlik bayonotida.

Sergeli tumani Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, portlash sabablari hozircha aniqlanmagan. Yong‘in hali ham o‘chirib bo‘lingani yo‘q. Jabrlanganlar va shikast yetgan transport vositalari soni aniqlanmoqda.

FVV bergan yangi ma’lumotga ko‘ra, xodimlar tomonidan yong‘inni o‘chirish ishlari davom etmoqda. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan. Yong‘in soat 05:02 da qurshab olingan. Yong‘in maydoni qisqartirilib borilmoqda. Voqea joyida dastlabki daqiqalardan boshlab FVV rahbariyati hamda kuch va vositalari, shuningdek, tegishli tashkilotlar xodimlari ish olib bormoqda. Yong‘in kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida FVVning maxsus laboratoriyasi hodisa joyida ish olib bormoqda. Voqea joyida FVV rahbarligida shtab tashkil etilgan, deyiladi xabarda.

“Toshkent metropoliteni”ni matbuot xizmati xabar berishicha, yong‘in sodir bo‘lgan hududga yaqin bo‘lgan metropolitenning Yer usti halqa yo‘lining “Quruvchilar” bekatining me’moriy qismini yengil shikastlagan, ammo bu holat yo‘lovchi va poyezdlarning harakatiga ta’sir ko‘rsatmagan. Barcha metro bekatlarida poyezdlar harakati belgilangan jadval asosida olib borilmoqda.