Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi “Quruvchi” dahasida kuchli portlash sodir bo‘lgan omborxonadagi yong‘inni o‘chirish ishlari 8 soat davom etdi. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, soat 02:43 da yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida FVBga xabar tushgan. Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 02:48 da yong‘inga yetib borib, soat 05:02 da yong‘in qurshab olingan va soat 10:47 da batamom o‘chirilgan.

Yong‘inni o‘chirishga Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib (jumladan, Mudofaa vazirligining vertolyoti) jalb qilingan. Dastlabki o‘rganish ishlariga ko‘ra, 15 ming kv.m omborxona maydonida yong‘in o‘chirilib, 30 ming kv.m maydoni saqlab qolindi, deyiladi xabarda.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi. Voqea joyiga bosh vazir Abdulla Aripov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Toshkent shahri hokimligi, prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi va boshqa idoralar rahbarlari yetib kelgan.

Portlash to‘lqini ombor atrofida joylashgan bir nechta turar joylar, bino va transport vositalariga zarar yetkazdi, shuningdek, fuqarolar jarohat oldi (Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 163 kishi jarohatlangan, 2006-yilda tug‘ilgan bir o‘smir vafot etgan).