Namanganda jurnalist va blogerlar Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakillari bilan “Antistrumin” №100 dorisini qabul qilgan yuzlab bolalarning kasalxonaga yotqizilishi bilan bog‘liq vaziyatni yoritish yuzasidan tortishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda 25-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv videosi paydo bo‘ldi.

Jurnalistlar hozirgi og‘ir vaziyatda Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa mutasaddilarning jimligidan noroziligini bildirib, vazirdan intervyu berishni talab qilishdi. O‘zini sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning yordamchisiman, deb tanishtirgan shaxs “Hozirgina Prezident administratsiyasidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi: intervyu bo‘lmasin. Nima qilmoqchisiz? Savollaringiz shu mavzuga qo‘shilib ketadida”, — dedi.

Jurnalistlar “Biz nima qilishimiz kerak? Sukunat saqlashimiz kerakmi? Matbuot kotibingiz kecha guruhda „Faqat sukut“ deb yozdi. Bolalar kasallanayotgan paytda, sukut saqlab bo‘lmaydi!” — dedi “Sevimli” telekanalining “Zamon” ko‘rsatuvi jurnalisti.

Videodan kadrVideodan kadr

O‘zini yordamchiman deb tanishtirgan shaxs “Sog‘liqni saqlash vaziri shuncha ish qilyapti, nima kerak hozir uni kovlab?”, — dedi.

Jurnalistlardan biri vazir va boshqarma boshlig‘i yashirinishni bas qilishlari, savollarga javob berishlari kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar O‘RVI bilan kasallangan bo‘lishi mumkinligini aytgan sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova “yolg‘on ma’lumot bergan”.

“Men sizga odamga o‘xshab tushuntiryapman, hozir Prezident administratsiyadan qo‘ng‘iroq bo‘ldi: hech qanday [intervyu bo‘lmaydi]… Shunchaki vazirni „pod udar“ qo‘yamiz”, — dedi “yordamchi”.

“Ma’lumot o‘zingiz uchun kerakmi? Bo‘ldi, kamera bo‘lmaydi, jiddiyroq kelishib olamiz, har qanday savolingizga javob beradilar”, — dedi u.

Jurnalistlarning “Administratsiya topshirig‘iga asosan [vazir] intervyu berishdan bosh tortdi, deb bersak bo‘laveradimi?”, degan savoliga vazir “yordamchisi” Inoyatov Nyu-Yorkdan 13 soat davomida uchib kelgani, kelgandan keyin dam olmay Toshkent shahar 16-shifoxonaga (RSHTYOIM) borganini aytdi.

Videodan kadr Videodan kadr

Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot kotibi Feruza Ataxonova suhbatga qo‘shilib, Rayhona ismli jurnalistga murojaat qilib, unga bunday muomala qilishga haqqi yo‘qligini aytdi.

“Agar sen haqiqatdan ham oydinlik kiritish maqsadida kelgan bo‘lsang, baqir-chaqir qilmasdan, ochiqchasiga gaplashamiz. Bunga vaqt talab qiladi. Sen kecha Elmira Erkinovnaga [Bositxonova] ham ortiqcha gapirding. Senda subordinatsiya bo‘lishi kerak. Jurnalistikada muomala madaniyati degan fan bo‘lgan… Men matbuot kotibiman, ma’lumotni men beraman”, — dedi u.

Jurnalistlar yana vazirdan ma’lumot olishni istashlarini aytishdi. Matbuot kotibining ta’kidlashicha, bu uchun bir-ikki talab qilinadi. OAV vakillari bu haqda vazirning o‘zidan eshitishni so‘radi. Feruza Ataxonovaning aytishicha, jurnalistlar bunday shartlarni qo‘ya olmaydi. U jurnalistlar savoliga jurnalist sifatida o‘zi javob berishini ma’lum qildi. Bunga javoban jurnalistlar u viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining matbuot kotibi ekani, sog‘liqni saqlash vazirining matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev ekani eslatishdi.

Jurnalistlar va blogerlar sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanidan norozi ekanliklarini ham ta’kidlab, “mavzudan chetga chiqqan”ini aytishdi.

“Gazeta.uz” ushbu holat yuzasidan Prezident administratsiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligidan izoh ololmadi.

Namangan viloyatida kamida 71 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani (jami 450 nafar bola haqida xabar berilgan) ma’lum bo‘lgach, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 22-sentabrdan “Antistrumin” №100 tabletkalaridan foydalanishga cheklov joriy qilgan edi. Andijon viloyati hokimligi “Antistrumin” preparatini qabul qilgan 12 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar berdi.

Biroq ko‘p o‘tmay Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova “oziq-ovqat yoki dori-darmondan zaharlanish gumonlari hali tasdiqlanmaganini” aytdi. U bolalarda O‘RVI bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Toshkent shahridagi tez tibbiy yordam markazining toksikologiya bo‘limlariga ham o‘nlab bolalar zaharlanish belgilari, isitma, oshqozon buzilishi bilan yotqizilgan. Ota-onalar farzandlari yod iste’mol qilganidan keyin kasal bo‘lib qolishganini aytishdi. Shifokorlar esa preparat bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Holat bo‘yicha jinoiy ish ochildi. “Antistrumin” ishlab chiqaruvchi Samo zavodida tekshirish boshlandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Chust tumanida bolalarning zaharlanishi bilan bog‘liq vaziyatdan “qattiq tashvishda”, deya ma’lum qildi uning matbuot kotibi.