Namangan viloyatida ikki kun davomida 450 nafar bola sog‘lig‘idan shikoyat bilan kasalxonaga yotqizilgan bo‘lsa, ularning 306 nafari Chust tumaniga to‘g‘ri keladi. Bu haqda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova ma’lum qildi, deb yozadi “Daryo”.

Respublika ishchi guruhi rahbarining ma’lum qilishicha, bolalarning 143 nafari tuzalgan, qolganlari esa muntazam qarov ostida. Holati og‘ir yoki jonlantirish bo‘limiga yotqizilganlar yo‘q.

21-sentabr kuni soat 16:00 dan boshlab Namangan viloyati Chust tumanidagi 9 ta bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari va 2 ta maktab o‘quvchilari — 70 dan ortiq bola zaharlanish bilan kasalxonaga yotqizildi. Ota-onalar farzandlari o‘sha kuni berilgan yod sabab zaharlanganini aytishdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rganish yakunlanmaguncha “Antistrumin” №100 preparatini qo‘llashni taqiqladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Chust tumanida bolalarning zaharlanishi bilan bog‘liq vaziyatdan “qattiq tashvishda”, deya ma’lum qildi uning matbuot kotibi.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov juma kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Andijon filialiga kelib, toksikologiya bo‘limidagi 12 nafar bolalar bilan uchrashdi. Viloyat hokimligining matbuot xizmati yozishicha, bolalar dori vositasining nojo‘ya ta’siri oqibatida mazkur shifoxonaga kelgan. Biroq xabarda aynan qaysi dori ekani aytilmagan. Toksikologiya bo‘limi shifokori Murodjon Imomberdiyev bolalar “Antistrumin” (kaliy yodid) qabul qilganini tasdiqladi

Elmira Bositxonovaning so‘zlariga ko‘ra, xavotir asosan dori yoki ovqatdan zaharlanish bilan bog‘liq edi. Hozircha “bu gumonlar tasdiqlangani yo‘q”.

“Chunki doridan zaharlanish darrov ayon bo‘ladi, taomdan zaharlanish esa tezkor tahlillarda ko‘rinadi. Asosiy taxminimiz o‘tkir respirator virusli infeksiyalar bilan bog‘liq”, — deydi Elmira Bositxonova.

Uning ta’kidlashicha, shifoxonalarga murojaat etganlar orasida taxminan 20 nafari yod preparatini umuman qabul qilmagan. Olingan 46 ta PSR-testdan ikkitasida kovid alomatlari aniqlandi

Foto: Asilbek Abduvaliyev / Daryo.Foto: Asilbek Abduvaliyev / Daryo.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, bolalarda yod yetishmovchiligining oldini olish bo‘yicha loyihaga bir yil davomida tayyorgarlik ko‘rilgan, tanlangan preparat xalqaro sertifikatga ega. Respublika bo‘yicha 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan jami 6,5 million bolaga ushbu dori berilgan.

“Dori qabul qilgan bir oiladagi ikki farzandning biri sog‘lom holatda, ikkinchisida kasallik alomatlari ko‘rinmoqda. Undan tashqari, preparat barcha hududlarga bir xil tarqatilgan, Toshkentga alohida, Namanganga alohida yuborilmagan. Hozir kasalxonalarga yotqizilgan bolalardan olingan tahlillar mutaxassislar tomonidan sinchiklar o‘rganilmoqda, tahlil natijalarini olganimizdan so‘ng, yana uch-to‘rt kundan keyin aniq bir to‘xtamga kelishimiz mumkin bo‘ladi”, — deydi Respublika ishchi guruhi rahbari.

“Daryo”ning ma’lum qilishicha, bolalarning kasallanish holatlari nafaqat Chustda, balki viloyatning boshqa hududlarida ham aniqlanmoqda. Jumladan, Pop tumanida 118, Namangan shahri va Namangan tumanida 8 nafardan, Yangiqo‘rg‘on tumanida 6, Yangi Namangan tumanida esa 4 nafar bolaning yaqinlari shifokorlarga murojaat qilgan.