Tog‘li Qorabog‘dagi voqealar fonida Yerevanda uchinchi kundirki ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda, deb yozadi News.am. Namoyishchilar Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning iste’fosini va tan olinmagan respublikadan ko‘chirib kelinganlarni qabul qilishni talab etmoqda.

Nashrning yozishicha, namoyishchilar shaharning markaziy ko‘chalarini to‘sib, “Arsax” (Tog‘li Qorabog‘ning armancha nomi — tahr.) va “Nikol — xoin” deya baqirmoqda. Namoyishchilarga bir qator universitet talabalari qo‘shilgan.

Armenia Today nashri xabariga ko‘ra, namoyishlarda qo‘lga olinganlar soni 84 kishiga yetgan. Barcha qo‘lga olinganlar Armaniston Jinoyat kodeksining 182-moddasi (Hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha politsiya idorasiga olib ketilgan.

Juma kuni bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ aholisi “agar mintaqada qolishi mumkin emasligi aniqlansa”, Armanistonga evakuatsiya qilinishi mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda 40 mingdan ortiq ko‘chiriladiganlar uchun yashash joylari tayyorlab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, Armaniston bosh vaziri “bizning „A“ rejamiz Tog‘li Qorabog‘ni aholidan bo‘shatish emas” deya ta’kidladi, unga ko‘ra, Yerevan “vatandoshlarining o‘z uylarida qo‘rqmasdan, munosib sharoit va xavfsizlikda yashashini” ta’minlashga intilmoqda. Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, hozirda tan olinmagan respublikadagi tinch aholi hayotiga bevosita tahdid yo‘q.

Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroning avj olishi 19-sentabrda Ozarbayjon tan olinmagan respublikada “aksilterror operatsiyasi” boshlanganini e’lon qilib, jumladan, poytaxt Stepanakertni o‘qqa tuta boshlaganidan keyin yuz berdi.

20-sentabr kuni tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Tog‘li Qorabog‘ hukumati Ozarbayjonning talablariga rozi bo‘ldi: tan olinmagan respublika armiyasi tarqatib yuboriladi va uning hududidan harbiy texnika olib chiqiladi. Kelishuvga ko‘ra, mahalliy aholining reintegratsiyasi va xavfsizligi masalalari Ozarbayjon vakillari bilan uchrashuvlarda hal etiladi.