21-sentabr kuni Oy uyda AQSh prezidenti Jo Bayden va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng AQSh yetakchisi Ukrainaga 325 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi, deya xabar berdi mamlakat Mudofaa vazirligi.

Pentagon bergan xabarda yordam paketi, xususan, Avenger zenit kompleksi, AIM-9M havo mudofaa raketalari, Javelin tankka qarshi kompleksi va yana bir Hawk havo mudofaa batareyasini o‘z ichiga olishi aytilgan. Shuningdek, Ukraina bir necha turdagi o‘q-dorilar ham olishi kutilmoqda.

Ro‘yxatda HIMARS uchun 300 kilometr masofaga uchadigan ATACMS raketalari kiritilmagan. Avvalroq Ukraina hukumati bir necha bor AQShdan bu turdagi raketalarini taqdim etishni so‘ragan va Ukraina Qurolli kuchlari ulardan Rossiya hududidagi nishonlarga hujum qilish uchun foydalanmasligini ta’kidlagandi.

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga ushbu yordam paketini joriy moliyaviy yil budjetidan taqdim etadi. Biroq Ukrainaga keyingi harbiy yordam ko‘rsatish uchun Bayden administratsiyasi Kongressining qo‘llab-quvvatlashiga yana bir bor erishishi kerak bo‘ladi. Kongressda bir qator deputatlar budjet xarajatlarining amaldagi taqsimotidan rozi emasligini ochiq e’lon qilgan.

Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng Bayden AQSh erkinlik va mustaqillik uchun qancha lozim bo‘lsa, shuncha yordam berishini yana bir bor ta’kidladi.

“Qo‘shma Shtatlar jasur Ukraina xalqi bilan birga turishda davom etadi. Bu shunchaki Ukraina kelajagiga sarmoya emas. Balki kelajakda butun dunyoda mustaqillik, suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillari hurmat qilinishiga bo‘lgan sarmoyadir”, — degan AQSh prezidenti.