20-sentabr kuni Toshkent markazidagi “Sharq” va O‘zA binolari yagona mulkiy majmua sifatida savdoga chiqarilishi xabar qilingandi. Madaniy meros agentligi ushbu obyektlarni auksion savdolaridan olib tashlash yuzasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ogohlantirish berdi.

Keltirilishicha, “Sharq” nashriyoti matbaa korxonasi AJ binolari Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga madaniy meros obyekti sifatida kiritilgan.

obyekt 1979−1983-yillarda qurilgan jami 14 ta bino, 2 ta bino qismi hamda 5 ta inshootdan iborat bo‘lib, umumiy maydoni 60 736,0 kvadrat metrni tashkil etadi.

“Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasiga muvofiq, davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros obyektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi belgilangan. Shuningdek, moddiy madaniy meros obyektlari, arxiv hujjatlari, davlat muzeylari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, shu jumladan, xiyobonlar va botanika bog‘lari xususiylashtirilmaydigan davlat mulklari etib e’tirof etilgan, deyiladi xabarda.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Madaniy meros agentligi tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ushbu madaniy meros obyektini auksion savdolaridan olib tashlash yuzasidan 21-sentabr kuni ogohlantirish berildi.