Toshkentda o‘zining ko‘plab graffitilari bilan tanilgan ko‘cha rassomi Inkuzart navbatdagi ishini taqdim etdi. U suvni o‘ylamay sarf etishga bag‘ishlangan.

Rasmlar binoning burchagidan joy olgan, u ikkita devorga chizilgani uchun ikki qismdan iborat. Birinchi qismda suv jo‘mragi ko‘rsatilgan, undan oqayotgan suv tarvuzga tushib turadi, bunday odat O‘zbekistonda keng tarqalgan.

Ikkinchi rasmda esa bolakayning bu suvni yerga egilgancha ichayotgani tasvirlangan. Suv oltin rangda ko‘rsatilgan.

2020-yilda “Gazeta.uz” “toshkentlik Benksi” nomini olgan rassom (uning ismi Abdurahmon) bilan katta intervyuni e’lon qilgan. Uning boshqa loyihalari haqida quyidagi o‘xshash xabarlarda o‘qishingiz mumkin.

Rassom Inkuzart Orol dengizining qurigan qismida diametri 100 m bo‘lgan tinchlik ramzini chizib, o‘sha yerga ming tupdan ortiq saksovul ko‘chatlarini o‘tqazgan. Bu uning eng katta masshtabli ishi sanaladi.