2023-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekiston gaz importini keskin oshirdi, bir vaqtning o‘zida qazib olish kamaygan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

Hujjatga ko‘ra, birinchi yarim yillikda gaz qazib olish 9,6 foizga yoki 2,51 mlrd kub metrga kamayib, 23,6 mlrd kub metrni tashkil etdi. Shu vaqt ichida 2,6 mlrd kub metr gaz import qilindi, bu o‘tgan yilning shu davriga (364 mln kub metr) nisbatan 7,2 barobar ko‘pdir.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston 200 mln dollarlik gaz import qilgan, bu o‘tgan yilning birinchi yarmiga nisbatan 2,6 barobar ko‘pdir. “Gazeta.uz”da mavjud bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning yanvar-noyabr oylarida Turkmaniston 266 mln dollarga 2 mlrd kub metr gaz yetkazib bergan (har 1000 kub metr uchun 132,7 dollardan).

Yetkazib berish narxi pasaymaganida, Turkmanistondan 2,6 mlrd kub metr gaz importi O‘zbekistonga 200 mln emas, 333 mln dollarga tushishi kerak edi. Yoki 200 mln dollarga qo‘shni davlat 1,45 mlrd kub metrga yaqin gaz yetkazib berishi, ya’ni ikki idora ma’lumotlari o‘rtasidagi farq import qilinganda taxminan 1,15 mlrd kub metr gazni tashkil qilishi mumkin edi.

Bundan tashqari, gaz import qilishda ehtimoliy vositachi mavjudligini, shuningdek, davlat budjeti hisobidan qoplanishi kerak bo‘lgan farqni hisoblash tartibini hisobga olish zarur.

Gaz ta’minoti uchun to‘lovni kechiktirish variantiga kelsak, iyul va avgust oylarida “moviy yoqilg‘i” importi bo‘yicha statistik ma’lumotlarda o‘zgarishlar kuzatilmadi.

Iyul oyida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov birinchi yarim yillikda davlat budjeti taqchilligi oshishiga gaz importining ko‘payishi sabab bo‘lganini aytgan edi. Avval xabar berganimizdek, ushbu davrda davlat budjeti xarajatlari (konsolidatsiyalashgan budjetdan tashqari) daromadlardan 27,4 trln so‘mga oshgan.

Statistika agentligi ma’lumotlar rasmiy metodologiya va bojxona deklaratsiyasi ma’lumotlari asosida shakllantirilayotganini ta’kidladi. Statistika agentligi ularning ma’lumotlari manbasini aniqlash uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bog‘lanishni tavsiya qildi, biroq IMV “Gazeta.uz” so‘roviga javob bermadi.

O‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston birinchi marta Turkmaniston bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri, uchinchi tomon ishtirokisiz qisqa muddatli shartnoma tuzdi. Uch oy davomida qishki mavsumdagi taqchillikni qoplash uchun 1,5 mlrd kub metrga yaqin gaz importi rejalashtirilgan edi.

Avgust oyida O‘zbekiston Turkmaniston bilan yiliga 2 mlrd kub metrgacha turkman gazini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Tomonlar, shuningdek, uzoq muddatga va yetkazib berish hajmini ko‘paytirishga mo‘ljallangan shartnomani ham ishlab chiqdilar, deya ma’lum qildi energetika vaziri rahbari Jo‘rabek Mirzamaxmudov.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi gaz eksporti ma’lumotlaridagi farqlarga e’tibor qaratgan edi.