Buxoro viloyatida “Hududgazta’minot”ga tegishli gaz quvuriga ulanib olib, 26,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanganlarga sud hukmi o‘qildi, deya xabar qilmoqda viloyat prokuraturasi.

Ma’lum qilinishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudi tomonidan sudlanuvchilar A.J., J.S., M.H. va A.A.ga oid jinoyat ishi ko‘rilgan. Sudlanuvchilar M.H. va A.A. “Dildora” MCHJ rahbari A.J. hamda “Osiyo Buxoro gaz” MCHJ rahbari J.S. bilan til biriktirib energoresurslarini o‘g‘irlash jinoyatlarini sodir etishgan.

Xususan, M.H. 2022-yil 15-avgustdan yildan “Hududgazta’minot” AJning “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minot filiali metrologiya xizmati boshlig‘i vazifasida, A.A. metrologiya xizmati yetakchi muhandisi vazifasida ishlab kelib, mansab vakolatlaridan qasddan foydalanib, jamiyat rahbarlari A.J. va J.S. bilan oldindan jinoiy til biriktirgan.

Ular jamiyatga qarashli gaz quyish shoxobchalarga kelgan alohida tabiiy gaz quvurining ulanish nuqtasiga o‘rnatilgan “Avtopilot-PRO” rusumli gaz hisoblash uskunasi o‘rnatilgan xonaning eshigini tamg‘alanishini ta’minlamasdan, gaz hisoblagich uskunasidagi mavjud implyus trubkasi tamg‘asini gaz mahsulotlari quvurlarida o‘g‘irlik qilish maqsadida hech qanday hujjatsiz almashtirilgani oqibatida, “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining jami 26,1 mlrd so‘mlik juda ko‘p miqdordagi tabiiy gazni o‘g‘irlab yashirin ravishda talon-toroj qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudining hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksi 169-moddasi 4 -qismining “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik), 209-moddasi 2-qismining “a” bandi (takroran sodir etilgan mansab soxtakorligi), 228-moddasi 2-qismining “a, b” bandlari (takroran, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan aybli deb topilgan A.J., J.S. 11 yil, A.A. va M.H. 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Shuningdek, ayblanuvchilar tomonidan 6 mlrd so‘m zarar qoplangani sababli, qolgan 20,1 mlrd so‘m zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilandi.