Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, Yagona umumrespublika protsessing markazi (Uzcard brendi) ta’sischilarining tarkibi yana o‘zgardi.

oktabr oyida Uzcard xususiylashtirilib, beshta bankka tegishli davlat ulushining 75 foizi kompaniyaning to‘rt nafar ta’sischisi tomonidan 210,1 milliard so‘mga sotib olingandi. Yaqingacha Mansur Usmonov, Kamron Akbarov, Timur Azadov va Obid Agzamxodjayevlar kompaniyada 25 foizdan ulushga ega edi.

Endilikda 75 foiz ulush egasi IMC-Capital hisoblanadi, qolgan 25 foiz ulush esa o‘tgan yillarda Uzcard bosh direktorining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Kamron Akbarovda qoldi.

oktabr oyida kompaniyaning ustav kapitali 42,16 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda u 212,75 milliard so‘mga yetgan.

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, IMC-Capital 2022-yil 31-avgustda ro‘yxatga olingan va ulgurji, maxsus bo‘lmagan savdo bilan shug‘ullanadi. Uzcard xususiylashtirilayotgan vaqtda kompaniya asoschisi Oybek Tursunov edi, u 2020-yilda Uzcard aksiyalariga egalik qilgan. Hozirda IMC-Capital`ga joriy yilning 15-iyunida BAAda ro‘yxatdan o‘tgan Berill Holding Company Limited (100 foiz) egalik qiladi.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda Uzcard aylanmasi 501,4 milliard so‘mni, to‘langan soliqlar miqdori 31,4 milliard so‘mni, soliq imtiyozlari esa 132,6 milliard so‘mni tashkil qilgan. 2023-yilning yetti oyida korxona aylanmasi 514,3 milliard so‘mni, budjetga soliqlari 37,6 milliard so‘mni, imtiyozlari 116 milliard so‘mni tashkil etdi.

Uzcard ta’sischilarining o‘zgarishi

“Gazeta.uz” 2020-yilning may oyida Oybek Tursunov Uzcard ustav kapitalidagi 75 foiz ulush egasiga aylangani haqida yozgandi. O‘sha yilning avgust oyida u ta’sischilar ro‘yxatidan chiqdi va 75 foiz ulush beshta davlat banki — O‘zbekiston milliy banki (51 foiz), “O‘zsanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Ipoteka bank” va “Aloqabank”ga (har biri 6 foizdan) o‘tdi.

2022-yil mart oyida iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish dasturi doirasida banklarning kompaniyadagi 75 foiz ulushlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (Davaktiv) o‘tkazildi. Tender komissiyasi Uzcard`dagi davlat ulushini mustaqil baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda baholash yo‘li bilan 75 foizini sotishga qaror qildi va shu yilning avgust oyi oxirida xususiylashtirish jarayonini e’lon qildi.

“Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyati jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, jamiyatning boshqa egalari davlatning 75 foiz ulushini sotib olishda imtiyozli huquqdan foydalanishlari mumkin. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sherik mulkdorlar sotib olishda imtiyozli huquqdan foydalanganini ma’lum qilgandi. Davlat ulushi Real Excellent Valuation mustaqil baholash tashkiloti tomonidan baholangan narxda sotilgan.

2022-yil oktabr oyida Mansur Usmonov, Kamron Akbarov, Timur Azadov va Obid Agzamxodjayev imtiyozli huquqdan foydalanib, 210,1 milliard so‘mga 75 foiz ulushni sotib oldi.

O‘shanda moliyachi Otabek Bakirov MCHJning 75 foiz ulushiga ega bo‘lgan davlat nega kompaniya shaklini aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartirmagani, bu orqali aksiyalarni ochiq auksionda sotish va katta foyda olish mumkin ekani haqida savol bilan yuzlangandi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari esa bitimga izoh berib, aksiyadorlik jamiyati tashkil etish uchun 50 dan ortiq aksiyador zarurligini, shu sababli bunday qilinmaganini aytgandi